Polkovnik Yusup Osmanovich Djengaziyev Toshkent shahar IIBBning eng tajribali va fidoyi xodimlaridan. 60 yoshni qarshilagan qahramonimiz qariyb qirq yildan buyon ichki ishlar organlarida xizmat qilmoqda.

1987-yilda hozirgi IIV Akademiyasini (oldingi IIV Toshkent oliy maktabi) tamomlab, hozirgi Yashnobod tumani IIO FMB tezkor vakili lavozimida faoliyat yurita boshlagan. Shundan soʻng avvaliga katta tezkor vakil, soʻngra boʻlinma boshligʻi, shuningdek poytaxt Jinoyat qidiruv boshqarmasi boʻlim boshligʻi, ayni paytda esa Toshkent shahar IIBBning oʻta muhim ishlar boʻyicha xodimi lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.

Koʻp yillik tajribaga ega Yusup Osmonovich davlatimizning yuksak mukofoti – “Jasorat” medali bilan taqdirlangan. Shuningdek, IIV va IIBB rahbariyati tomonidan bir necha bor ragʻbatlantirilgan.

Bu yil 60 yoshini qarshilagan polkovnik Yu.Djengaziyev Toshkent shahar IIBBda tantanali ravishda tabriklandi. Bosh boshqarma boshligʻi, general-mayor Aziz Toshpoʻlatov taʼkidlaganidek, uning uzoq yillik samarali mehnati, erishgan yutuqlari, kasbiga boʻlgan muhabbati barcha xodimlarga namuna boʻlib, yosh xodimlar aynan shunday ustozlardan oʻrnak olishi kerak.

Tadbir davomida soʻzga chiqqan polkovnik Yu. Djengaziyev kasbiy mahoratini oshirishda unga namuna boʻlgan, kasbning oʻziga xos sir-asrorlarini oʻrgatgan ustozlarining oʻrni kattaligini va ulardan minnatdor ekanligini alohida taʼkidladi.

Sarvar SOBIROV,

oʻz muxbirimiz.