Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitusiyasi qabul qilinganligining 29 yilligi munosabati bilan tantanali yigʻilish uyushtirildi. Boshqarma va sohaviy xizmatlar vakillari hamda faxriylar ishtirokida boʻlib oʻtgan tadbirda IIV faxriylar kengashi aʼzosi, yuridik fanlari doktori, isteʼfodagi polkovnik Abdugʻofir Sattarov soʻzga chiqib, mamlakatimiz Bosh qonunining yaratilishi, asosiy prinsiplari, yurtimiz taraqqiyoti va inson huquq va erkinliklarini taʼminlashdagi ahamiyati toʻgʻrisida atroflicha toʻxtaldi.

Shuningdek, tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarining 30 yilligi munosabati chop qilingan “Ichki ishlar organlarining mard oʻgʻlonlari”, “Faxriylar – faxrimiz” hamda “Oʻzbekiston xalqi xizmatida” kitoblarining taqdimoti oʻtkazildi. Aytish lozimki, “Ichki ishlar organlarining mard oʻgʻlonlari” kitobi xizmat davomida halok boʻlgan 170 nafar ichki ishlar organlari xodimlari haqidadir. IIV Birlashgan tahririyati jamoasi tomonidan tayyorlangan “Faxriylar – faxrimiz” kitobida esa jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida yuqori natijalarga erishgan va ayni vaqtda keksalik gashtini surayotgan soha faxriylari xususida fikr yuritiladi.

“Oʻzbekiston xalqi xizmatida” kitobida ichki ishlar organlarining tarixi, buguni, taraqqiyot bosqichlari, soha rivojiga ulkan hissa qoʻshgan fidoyi insonlar qalamga olingan. Taqdimotda IIV Akademiyasi dosenti, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori, podpolkovnik Quvonchbek Qodirov, Jizzax viloyati IIB boshligʻining oʻrinbosari, polkovnik Olimjon Abdullaev va boshqalar soʻzga chiqdi.

Yigʻilish davomida Jizzax viloyati IIB Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadining 5 nafar xodimi “Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadlariga 15 yil” esdalik koʻkrak nishonlari bilan taqdirlandi. Shuningdek, eng faol xodimlarga kitoblar jamlanmalari topshirildi. Ayni mazmundagi tadbir IIV Jizzax akademik liseyi oʻquvchilari ishtirokida ham tashkil etildi. Tadbir kitob yarmarkasiga ulanib ketdi.

Alijon ABDUSATTOROV,

“Postda” muxbiri.

Jizzax viloyati.