Xususan, 2023-yil 20-dekabr kuni davlat rahbari raisligida IT infratuzilmasini yaxshilash, soha va tarmoqlarni raqamlashtirish yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy strategiya ishlab chiqish va unda davlat idoralari faoliyatining yanada shaffofligini taʼminlash va hisobdorligini oshirish, ochiq maʼlumotlar tizimini takomillashtirish, sohaning huquqiy asoslari va institutsional mexanizmlarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi va sohani yanada rivojlantirib, xalqaro darajaga olib chiqish yuzasidan vazifalar belgilab berildi.
Har doimgidek dolzarb
Soʻnggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish uslublari va mexanizmlari, shuningdek, ushbu toifadagi jinoyatlarga qarshi kurashishga qaratilgan jinoyat qonunchiligida jiddiy oʻzgarishlar roʻy berganiga qaramay, bu masala har doimgidek dolzarbligicha qolmoqda.
Hozirgi vaqtda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurash yoʻnalishlaridan biri davlat organlari faoliyatiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish hisoblanadi. Axborot texnologiyalaridan foydalanishni «elektron davlat» atamasi birlashtiradi, bu esa, oʻz navbatida, «elektron hukumat», «elektron parlament», «elektron adliya» kabi tushunchalarni qamrab oladi. Elektron adliya deganda, maʼlumotlarni raqamli qayta ishlashga ega texnik tizimlardan foydalanishga asoslangan odil sudlovni amalga oshirish usuli tushuniladi.
Bugungi kunda Ichki ishlar vazirligi tomonidan 38 ta davlat xizmatlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali jismoniy va yuridik shaxslarga elektron tarzda koʻrsatib kelinmoqda, yaqin kelajakda ularning soni 72 taga yetkazilishi belgilangan.
Shuningdek, Adliya vazirligi va Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan yaqin hamkorlikda elektron davlat xizmatlari ulushini yanada oshirish boʻyicha tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Raqamli texnologiyalar korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida foydalanish uchun keng istiqbolga ega. Shu bilan birga, ularni qoʻllash doirasini ikkita vektorga boʻlish mumkin:
– korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlash, tahlil qilish, tekshirish, bashorat qilish va monitoring qilish yoʻli bilan korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishda bevosita qoʻllash;
– davlat organlari faoliyatida samaradorlik, hisobdorlik va oshkoralik tamoyillarini ilgari surish orqali korrupsiyaga bilvosita taʼsir qilishda qoʻllash.
Sunʼiy intellekt va mashinali oʻrganish
Korrupsiyaga qarshi kurashishda sunʼiy intellektdan foydalanishga oid misollar nisbatan kam boʻlsa-da, mutaxassislarning fikriga koʻra, undan foydalanish korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlash, tahlil qilish va bashorat qilish jarayonini sezilarli darajada osonlashtirishi mumkin.
Vakolatli organlar uchun juda murakkab va koʻp vaqt talab qilishi mumkin boʻlgan katta hajmdagi maʼlumotlarni qayta ishlashni tezlashtirish vaqt va boshqa resurslarni sarflashni optimallashtiradi va diqqatni faqat eng muhim maʼlumotlarga, masalan, ehtimollik darajasi yuqori boʻlgan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar mavjudligini (sodir etish imkoniyatini) koʻrsatuvchi maʼlumotlarga qaratadi. Buyuk Britaniyada sunʼiy intellektdan foydalanish tergovchilarga atigi bir necha oy ichida 30 milliondan ortiq hujjatlarni tahlil qilish va tergovga tegishli maʼlumotlarni tanlash imkonini berdi.
Sunʼiy intellekt anomaliyalarni, korrupsiyaning ehtimoliy buzilishlarini koʻrsatadigan «qizil bayroqlar»ni ancha yuqori aniqlik bilan erta aniqlashga yordam beradi. Misol uchun, Ispaniyada tadqiqotchilar neyron tarmoqlarga asoslangan modelni ishlab chiqdilar, bu ularga mamlakat hududlarida korrupsiya qonunbuzarliklari ehtimolini hisoblash va ularni amalga oshirishga yaratilgan qulay shart-sharoitlarni aniqlash imkonini berdi.
Shunday qilib, bir qator funksiyalarni sunʼiy intellektga oʻtkazish orqali qoʻshimcha korrupsiya xavfini keltirib chiqaradigan inson omilining taʼsirini kamaytirish mumkin.
blokcheyn
TEXNOLOGIYASI
Taqsimlangan maʼlumotlar (distributed database) bazalarining texnologiyalaridan biri boʻlgan blokcheyn hokimiyat va tashkilotlar faoliyatining shaffofligini va ular boshqarayotgan maʼlumotlar xavfsizligini taʼminlashda foydalanish uchun keng imkoniyatlarga ega. Korrupsiyaga qarshi kurash maqsadida ushbu texnologiyadan, masalan, yer reyestrini yuritish, byudjet maʼlumotlarini oshkor qilish, shartnomalarni bajarish, tranzaksiyalarni amalga
oshirish va taʼminot zanjirlarini boshqarishda foydalanish mumkin:
blokcheyn texnologiyasidan foydalangan holda yaratilgan shaffof va hisob beruvchi tizim vijdonsiz shaxslarga maʼlumotlarni manipulyatsiya qilish va firibgarlik yoki korrupsion faoliyatni amalga oshirishni qiyinlashtiradi;
blokcheyn texnologiyasiga asoslangan tizimda amalga oshirilgan tranzaksiyalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻzgartirish yoki oʻchirishning mumkin emasligi barcha tranzaksiyalarning toʻliq va ochiq maʼlumotlar bazasini yaratish hamda maʼlumotlarni adolatsiz oʻzgartirish xavfini minimallashtirish imkonini beradi;
taʼminot zanjirini boshqarishda blokcheyn texnologiyasidan foydalanish, xususan, hisobni yuritish va kuzatib borish imkoniyatlarini yaratadi.
Big data – katta maʼlumotlar tahlili
Big data katta maʼlumotlar tahlilidan korrupsiyaga qarshi kurashishda ikkita asosiy yoʻnalishda foydalanish mumkin:
– shubhali operatsiyalarni aniqlash, tekshirish, monitoring qilish korrupsiya xavfini baholash. Masalan, Budapeshtdagi korrupsiyani oʻrganish markazi Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida davlat xaridlarini monitoring qilish uchun Big data maʼlumotlar tahlilidan foydalanadi, juda qisqa tender muddatlari yoki gʻayrioddiy natijalar (masalan, tenderlarda raqobatning yoʻqligi yoki bir xil tashkilot tomonidan qayta-qayta gʻalaba qozonish) kabi anomaliyalarni aniqlaydi;
– xabardorlikni oshirish, milliy, tarmoq yoki mahalliy korrupsiyaga qarshi siyosatni takomillashtirish hamda bashoratli tahlil va vizualizatsiya orqali ularni amalga
oshirish natijadorligiga erishish, qarorlarni yanada samarali qabul qilishga hissa qoʻshish.
Aytish joizki, raqamlashtirish orqali inson omili kamaytiriladi va axborot tizimlari bilan ishlashga oʻtiladi. Inson omilini kamaytirish – korrupsiyaning «oyogʻiga bolta urish»dir.
Abdurasul IMINOV,
IIV Akademiyasi axborot texnologiyalari kafedrasi boshligʻi, fizika-matematika fanlari nomzodi, podpolkovnik.
