Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Mamlakatimizda Yangi Oʻzbekistonni barpo etish barobarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, yangilanishlar samarasi oʻlaroq, ichki ishlar organlarida ham tizimli ishlar qilinmoqda. Sohada oʻtkazilayotgan islohotlarning salmogʻini ichki ishlar organlari boshqaruv tizimi toʻliq maqbullashtirilgani, shaxsiy tarkib quyi boʻgʻinda, bevosita aholi oʻrtasida xizmat qilishi taʼminlanganida ham koʻrish mumkin. Buning uchun har 35–40 ming aholiga xizmat koʻrsatadigan qoʻshimcha 261 ta yangi ichki ishlar boʻlimi tashkil etildi. Yirik bozorlar, savdo majmualari va aholi gavjum joylarda mahalliy budjet hisobidan 41 ta boʻlinma faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Jinoyatchilik statistikasini yuritishda dunyo tajribasidan kelib chiqqan holda, 100 ming aholi soniga nisbatan hisoblash tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Shuningdek, hududlardagi kriminogen vaziyatni tahlil qilish, jinoyatlarni yashirmaslik maqsadida xodimlar tomonidan aniqlanadigan jinoyatlarni ijobiy natija sifatida baholash tizimi yoʻlga qoʻyildi. Profilaktika inspektorlari, tezkor, tergov, yoʻl-patrul, patrul-post, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish hamda probatsiya xizmati xodimlarining faoliyatini reyting asosida baholash joriy etildi.
Tizimdagi sohaviy xizmatlar qaytadan isloh qilinib, zamon talablaridan kelib chiqqan holda, xavfsiz turizmni taʼminlash, probatsiya, surishtiruv, mahalla huquq-tartibot maskani va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishga ixtisoslashgan boʻlinmalar yangitdan tashkil qilindi. Mahallalarda jinoyatchilikning oqibatlari bilan kurashishga emas, balki huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga oʻtildi. Buning uchun har bir mahallaga bir nafardan profilaktika inspektori ajratildi. Eng asosiysi, profilaktika inspektorlarining samarali xizmat qilishi uchun qulay shart-sharoit va imkoniyatlar yaratildi. Yana muhim oʻzgarishlardan biri sifatida profilaktika inspektorlari mahalla raisining huquq-tartibotni taʼminlash boʻyicha oʻrinbosari etib belgilanganligidir. Bundan tashqari, xotin-qizlarning qonuniy manfaatlarini roʻyobga chiqarish, ularni turli tazyiqlardan himoya qilish maqsadida joylarda ayollar masalalari boʻyicha katta inspektor faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Endilikda tazyiqqa uchragan ayollarga himoya orderlari berilib, ularning haq-huquqlari himoya qilinmoqda.
Oʻtkazilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi sifatida xizmat faoliyatini bosqichma-bosqich raqamlashtirish borasida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Hozirgacha ichki ishlar organlarining 60 foizi optik-tolali aloqa tizimiga ulanib, 90 foizi zamonaviy kompyuterlar bilan taʼminlandi.
Bundan tashqari, ichki ishlar organlari uchun yangi maʼmuriy binolar qurilib, amaldagilarining asosiy qismi rekonstruksiya qilindi hamda koʻplab xizmat avtotransport vositalari xarid qilindi.
Joriy yilning 12-fevralida davlatimiz rahbari boshchiligida IIVda ilk bor Vazirlik hayʼatining kengaytirilgan majlisi boʻlib oʻtdi. Ushbu yigʻilishda belgilab berilgan muhim vazifalar tizimda amalga oshirilayotgan islohotlarning ikkinchi bosqichini boshlab berdi. Unga koʻra, bugungi kunda Prezidentimizning 2 ta farmoni va 8 ta qarori, Hukumatning 6 ta qarori hamda 19 ta idoraviy va idoralararo normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Mazkur hujjatlardan kelib chiqqan holda, ichki ishlar organlaridagi boshqaruv tizimi mutlaqo yangi shaklga oʻzgardi. Yaʼni, turdosh sohaviy xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirish uchun bevosita vazir oʻrinbosari tomonidan boshqarilayotgan Tezkor-qidiruv, Jamoat xavfsizligi, Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash, Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamentlari tashkil etildi. Barcha jazoni ijro etish muassasalari hududiy ichki ishlar organlari boʻysunuvidan chiqarilib, bevosita Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentiga boʻysundirildi.
Joylarda jinoyatlar sodir etilishining oʻziga xos xususiyatlari inobatga olingan holda, 11 ta zamonaviy ish uslubi va «hudud metodika»lari yaratildi. Shuningdek, respublika boʻyicha kriminogen vaziyati eng ogʻir boʻlgan 45 ta tuman-shaharlar hamda Navoiy viloyati, Angren, Nukus va Qarshi shaharlari hamda Sariosiyo, Koson va Chiroqchi tumanlarini «namunaviy xavfsiz hudud»ga aylantirish boʻyicha alohida chora-tadbirlar dasturlari tayyorlanib, ijrosi taʼminlanmoqda. Tizim faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish maqsadida amalga oshirilgan ishlar tufayli mamlakatimizda kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash yoʻlida muhim asos yaratildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-apreldagi «Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori bilan «Ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi» tasdiqlanib, mazkur yoʻnalishdagi ishlar mutlaqo yangi bosqichga koʻtarildi.
Ichki ishlar vazirining 2021-yil 2-avgustdagi buyrugʻiga binoan, «Eng yaxshi kutubxona» va «Eng yaxshi kitobxon» koʻrik-tanlovlari oʻtkazilib, gʻoliblar pul mukofoti hamda qimmatbaho esdalik sovgʻalari va diplomlar bilan taqdirlandi.
Konsepsiyasi ijrosini taʼminlash maqsadida tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi. Xususan, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti, Madaniyat vazirligi bilan imzolangan hamkorlik memorandumi fikrimiz tasdigʻidir.
Ichki ishlar organlarida maʼnaviyat va maʼrifat xonalarini jihozlashning yagona namunaviy loyihasiga muvofiq, vazirlikning hududiy boʻlinmalaridagi 351 ta «Maʼnaviyat va maʼrifat xonasi»ning yuzdan ortigʻi belgilangan tartibda jihozlandi. Maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni amaliyotga uzluksiz tatbiq etish maqsadida respublika boʻyicha 206 ta shahar-tumanning 186 tasida, viloyatlarning 10 tasida va sohaviy xizmatlarning 45 tasida hamda taʼlim muassasalarning 12 tasida jami 253 ta «Vatanparvarlik burchaklari» tashkil etildi.
Ichki ishlar vazirligi va uning tizimlarida Vatanimiz mustaqilligi va el-yurt osoyishtaligi yoʻlida aziz jonlarini fido qilgan xodimlarning xotirasini abadiylashtirish maqsadida xizmat vazifalarini bajarish chogʻida qahramonlarcha halok boʻlgan xodimlar tahsil olgan maktablar va xizmat joylariga qahramonlik timsolini aks ettiruvchi Yodgorlik lavhalarini oʻrnatish, «Vatanga sodiq oʻgʻlon» maʼrifiy burchaklarini tashkil etish boʻyicha ham samarali ishlar yoʻlga qoʻyildi. Jumladan, ana shunday xodimlarning 151 nafariga oʻzlari tahsil olgan maktablarda xotira burchaklari, 122 nafariga esa byust va bareleflar oʻrnatildi.
Taʼkidlash joizki, yil davomida 17 mingdan ortiq xodimning kasbiy malakasi oshirilib, 2 mingdan ortiq profilaktika inspektori bilan sayyor oʻquv kurslari, xodimlarning jangovar shayligini oshirish maqsadida esa 200 marta taktik oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazildi. Shuningdek, har bir xodimning xatti-harakatiga alohida baho berish hamda uning xulq-atvoridan kelib chiqib, aniq tarbiyaviy tadbirlarni oʻtkazishga qaratilgan «xodimbay» tizimi joriy etildi. Jinoyatchilikni «mahallabay» jilovlash, uyushmagan yoshlar, deviant xulq-atvoridagi oʻsmirlar, nosogʻlom va gʻayriijtimoiy hayot kechirayotgan shaxslar bilan «fuqarobay» ishlash amaliyotini har bir hududda jadallashtirish boʻyicha kompleks tezkor va profilaktik tadbirlar oʻtkazildi.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, oʻz kasbiga sadoqatli, fidoyi xodimlarimiz islohotlarga boy boʻlgan joriy yilda zimmasiga yuklatilgan vazifalarni chuqur his qilgan holda, sharafli burchlarini vijdonan bajarib, xalqimiz va davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan yuksak ishonchni oqlash yoʻlida tinimsiz harakat qilmoqda.
Enver BARIYEV,
IIV Tashkiliy departamenti
boʻlim boshligʻi,
podpolkovnik.
Mixli SAFAROV,
«Postda» muxbiri.
