Maʼlumki, joriy yil 1-maydan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahriri kuchga kirdi. Asosiy qonunimizda davlat boshqaruvining oliy organlariga doir bir qator oʻzgarishlar joy olgan. Jumladan, Prezidentning vakolat muddati 5 yildan 7 yilga uzaytirildi. Shuningdek, davlat rahbari muddatidan ilgari Prezident saylovini tayinlashga haqli ekanligi belgilandi.
Yurtboshimiz ushbu huquqdan foydalanib, 2023-yil 8-mayda «Muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlash toʻgʻrisida»gi farmonni imzoladi. Unga koʻra, 2023-yil 9-iyul kuni muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi oʻtkaziladi.
Mamlakatimiz hayotida juda katta ahamiyatga ega ushbu voqeaga ham sanoqli kunlar qoldi. Shuning uchun quyida Prezident saylovining baʼzi jihatlariga toʻxtalib oʻtamiz. Avvalambor, shu kunlarda saylovoldi tashviqotlari qizgʻin ketayotganini hisobga olib, ushbu tadbirlar borasida tushuncha berib oʻtsak.
Saylovoldi tashviqoti omma oldida ochiq munozaralar, bahslar, matbuot konferensiyalari, fuqarolarning yigʻilishlari, intervyular, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, roliklarni joylashtirish shaklida olib borilishi mumkin.
Tashviqot:
ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya tarmoqlari, shuningdek
Internet jahon axborot tarmogʻi orqali;
bosma, koʻrgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini (plakatlar, varaqalar va boshqa materiallarni) chiqarish hamda tarqatish orqali;
saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.
Nomzodlar va siyosiy partiyalarga bosma, koʻrgazmali, audiovizual materiallarni, fonogrammalarni, bosma mahsulotning elektron shakllarini va boshqa tashviqot materiallarini moneliksiz chiqarish hamda tarqatish uchun teng sharoitlar yaratiladi. Tashviqot materiallari Oʻzbekiston Respublikasi hududida tayyorlanishi
kerak.
Nomzodlarga va siyosiy partiyalarga saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazish orqali tashviqot uchun teng sharoitlar yaratiladi. Saylovchilar bilan uchrashuvlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar, deputatlikka nomzodlar, siyosiy partiyalar tomonidan mustaqil ravishda oʻtkaziladi. Saylovchilar bilan uchrashuvlarni oʻtkazish joyi va vaqti haqida okrug yoki uchastka komissiyasiga maʼlum qilinadi, mazkur komissiyalar bu haqda saylovchilarni oldindan xabardor qiladi.
Nomzod yoki
uning ishonchli vakili boshqa nomzod yoki uning ishonchli vakili bilan birgalikda saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazishga
yoxud boshqa nomzod tomonidan tashkil etilgan saylovchilar bilan uchrashuvlarda ishtirok etishga haqli.
Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 43-moddasiga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod oʻn besh nafarga qadar ishonchli vakilga ega boʻlishga haqli. Ishonchli vakillar nomzodga saylov kampaniyasini oʻtkazishda yordam beradi, saylash uchun tashviqot olib boradi, davlat organlari va jamoat birlashmalari, saylov komissiyalari bilan boʻladigan munosabatlarda nomzodning manfaatlarini ifodalaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning ishonchli vakillari uning taqdimnomasiga binoan, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan roʻyxatga olinadi. Markaziy saylov komissiyasi ularga tegishli guvohnomalar beradi. Nomzod saylovga qadar oʻz ishonchli vakilini tegishli saylov komissiyasiga maʼlum qilgan holda istalgan vaqtda vakolatidan mahrum qilishi va uni boshqasi bilan almashtirishi mumkin. Ishonchli vakil istalgan vaqtda oʻz vakolatlarini zimmasidan soqit qilishga haqli. Ishonchli vakil saylov komissiyasining aʼzosi boʻlishi mumkin emas.
2023-yil 20-iyun kuni Markaziy saylov komissiyasi Saylov kodeksiga binoan, muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni oʻz yashash joyida boʻlish imkoniyatiga ega boʻlmagan saylovchilar uchun saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish oʻtkazilishi yuzasidan qaror qabul qildi. Unga koʻra, muddatidan oldin ovoz berish 2023-yil 28-iyun kuni boshlanib 2023-yil 5-iyul kuni yakunlanishi belgilandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi sayti materiallari asosida Bobomurod TOSHEV tayyorladi.
