Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan asos solinib, 1997-yildan buyon
YUNESKO tashkiloti shafeligida anʼanaviy tarzda har ikki yilda muntazam oʻtkazib kelinayotgan «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda, desak aslo mubolagʻa emas. Hammamizga yaxshi maʼlum, dunyoning koʻplab qitʼa va mintaqalarida turli sanʼat va musiqa anjumanlari oʻtkaziladi. «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali esa ular orasida oʻzining alohida oʻrni, shuhrati va maqomi bilan ajralib turadi. Oʻtgan yillar mobaynida mazkur sanʼat festivali dunyo xalqlari milliy musiqa madaniyati anʼanalarini asrab-avaylash, targʻib etish, tili, dini, millatidan qatʼi nazar, barcha xalqlarni sanʼat orqali yaqinlashtirishga xizmat qiladigan va ular oʻrtasida doʻstlik aloqalarini mustahkamlaydigan nufuzli tadbirga aylandi. Afsonaviy Samarqandning uzoq oʻtmishidan soʻzlovchi munavvar koshonalari, muattar havosi bilan birga, bu muqaddas zamindan taralayotgan dilbar va maftunkor taronalar ham dunyo ahlini oʻziga chorladi. Koʻrkam va muhtasham Registon maydonining katta sahnasi, yulduzli osmon ostida qanchadan-qancha sehrli navolar, hayotbaxsh ohanglar yangradi. Va bu ijrolar orqali oʻnlab noyob yosh isteʼdodlar kashf qilindi, nufuzli festival ularning parvoziga qanot, kuch va ilhom bagʻishladi. Eng muhimi, ushbu anjuman turli sivilizatsiyalar, xalqlar va millatlar oʻrtasida oʻziga xos madaniy hamkorlik hamda muloqot maydoniga aylandi. Buni sayyoramizning barcha qitʼalaridan xonanda va sozandalar, musiqashunoslar ishtirok etib, oʻz milliy kuy-qoʻshiqlarini ijro etish barobarida oʻziga xos anʼana va qadriyatlarini namoyish etayotgani misolida ham yaqqol koʻrish mumkin.
Yana bir eʼtiborga molik jihat shundaki, ushbu festival nafaqat jahon xalqlari milliy musiqa sanʼatida erishilgan yutuqlarni asrash va rivojlantirish, balki xalqaro ijodiy aloqalarni yanada mustahkamlashda ham muhim omil boʻlayotir. Buni festivalning nufuzi yil sayin ortib, ishtirokchilari geografiyasi ham tobora kengayib borayotganidan bilish mumkin.
1997-yilda oʻtkazilgan «Sharq taronalari» birinchi xalqaro musiqa festivalida 31 mamlakat vakillari qatnashgan boʻlsa, 2019-yilda oʻtkazilgan festivalda 75 ta davlatdan 340 nafar vakil ishtirok etgan. Oʻtgan yillar mobaynida ushbu musiqa anjumanida dunyoning 115 dan ortiq davlatidan sanʼatkorlar qatnashgan.
Shu oʻrinda 2021-yilda oʻtkazilishi kerak boʻlgan qoʻshiq bayrami pandemiya sabab qoldirilganligini taʼkidlashimiz joiz. Davlatimiz rahbarining 2022-yil 2-fevraldagi «Madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar» toʻgʻrisidagi qarorida «Sharq taronalari» XIII xalqaro musiqa festivalini oʻtkazish belgilandi. Unga koʻra , joriy yil ham anʼanaga muvofiq, avgust oyining oxirgi oʻn kunligida oʻtkazilishi koʻzda tutilgan ushbu xalqaro sanʼat bayramiga katta tayyorgarliklar koʻrilmoqda. Maʼlumot oʻrnida qayd etish joizki, shu kungacha 80 ta mamlakat sanʼat vakillari ushbu nufuzli festivalda ishtirok etish istagini bildirgan.
Maʼlumki, xalqaro musiqa festivalida ishtirokchilarning chiqishlari taniqli musiqashunoslar va bastakorlar, xalqaro tashkilotlar vakillaridan iborat talabchan hakamlar hayʼati tomonidan baholab boriladi.
Quvonarli jihati shundaki, oʻzining betakror sanʼati bilan xalqimiz mehrini qozongan Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq artisti Munojot Yoʻlchiyeva, Oʻzbekiston xalq artistlari Matluba Dadaboyeva, Abduhoshim Ismoilov, Oʻzbekiston xalq hofizlari Sohibjon Niyozov va Abdunabi Ibrohimov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar Nasiba Sattorova, Dilnura Mirzaqulova (Qodirjonova), Nodira Pirmatova, Mohichehra Shomurodova, Toir Qoʻziyev boshchiligidagi «Sato» guruhi, Ilyos Arabov, yosh umidli dutorchi Mehrinigor Abdurashidova xalqaro festivalda ham yuksak ijrochilik mahoratini namoyish etib, gʻoliblar safidan joy olgan.
Sirasini aytganda, hamisha dunyo eʼtiborida boʻlib kelgan Samarqand bugun yana bir nufuzli tadbirga qizgʻin hozirlik koʻrmoqda. Bu – jahon ahlini musiqa va qoʻshiq sehri bilan bir-biriga yaqinlashtiruvchi, dillarni dillarga tarjimonsiz bogʻlovchi, insoniyatni faqat ezgulikka chorlovchi «Sharq taronalari» festivalidir.
Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,
oʻz muxbirimiz.
