Mazkur tashkilot dastlab «Shanxay beshligi» nomi bilan tashkil etilgan edi. 2001-yil 15-iyunda Xitoyning Shanxay shahrida boʻlib oʻtgan Xitoy, Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston davlat rahbarlari uchrashuvida SHHT tuzildi.
Bugungi globallashuv sharoitida mintaqaviy va xalqaro miqyosida vujudga kelayotgan keskin oʻzgarishlar davrida SHHT oʻzini koʻp tomonlama hamkorlikning taʼsirchan mexanizmi sifatida namoyon etmoqda. Tashkilot «Shanxay ruhi» negizida tashkil etilgan boʻlib, ushbu tamoyil asosida oʻzaro ishonch, manfaat, tenglik, maslahatlashuv, madaniy xilma-xillikni hurmat qilish, umumiy taraqqiyotga intilish kabi muhim qoidalarni oʻzida mujassam etadi.
Taʼkidlash joizki, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti mintaqaviy va transmintaqaviy xalqaro tashkilot sifatida katta kuch va salohiyatga ega. Tashkilotga aʼzo davlatlardan Rossiya va Xitoy BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy aʼzolari hisoblanadi. Tashkilotning umumiy maydoni Yevroosiyo mintaqasining 60 foizini egallaydi. Dunyo aholisining deyarli yarmi tashkilotga aʼzo davlatlarda yashaydi.
Oʻzbekiston Respublikasining soʻnggi yillarda SHHT doirasida milliy manfaatlarimizga javob beradigan koʻp tomonlama hamkorlikni kengaytirish boʻyicha ilgari surilgan ilgʻor taklif va tashabbuslari mintaqadagi tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashning ustuvor yoʻnalishlariga toʻliq mos keladi. Oʻtgan 5 yil mobaynida Oʻzbekiston tomoni
30 dan ortiq tashabbusni ilgari surdi. Eʼtiborli va muhim jihati, Oʻzbekiston tashkilot doirasida oʻz tashabbuslarini amaliy chora-tadbirlar orqali hayotga faol joriy etayotgani bilan ajralib turadi.
Hozirgi kunda Oʻzbekiston Respublikasi SHHTdagi xavfsizlik, iqtisodiyot, transport, ilm-fan, turizm va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga oid yangi platformalarni yaratish boʻyicha tashabbuskorga aylandi. Ayniqsa, SHHTning Oʻzbekistonda xalq diplomatiyasi markazi, Temiryoʻl maʼmuriyati rahbarlarining uchrashuvi, Samarqand shahrida «Ipak yoʻli» xalqaro turizm universiteti tashkil etilishini bunga misol tariqasida aytib oʻtish lozim.
2021-yil 16-sentabr kuni Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida SHHTning
20 yillik yubiley sammiti boʻlib oʻtgan edi.
Davlatimiz rahbari sammitda soʻzlagan nutqida bugungi kunda xalqaro munosabatlarda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining roli oshib borayotganini taʼkidlab oʻtdi. Mazkur sammitda SHHTning yangi Bosh kotibi va SHHT MATT (Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi) Ijroiya qoʻmitasi direktori toʻgʻrisida qarorlar hamda SHHT madhiyasining qabul qilinishi kutilgan edi. Shuningdek, kun tartibidan terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurash boʻyicha hamkorlik dasturi, xalqaro axborot xavfsizligini taʼminlash masalasi boʻyicha harakatlar rejasi, pandemiyaning ijtimoiy-iqtisodiy salbiy oqibatlarining oldini olish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar rejasi, «Yashil belbogʻ» dasturi, sayyohlik va madaniyat poytaxtlari haqidagi nizom, shuningdek, boshqa xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlik boʻyicha oʻzaro kelishuv memorandumlarini tasdiqlash oʻrin olgandi.
SHHTga raislik qilish Oʻzbekiston Respublikasiga oʻtishi sammitning muhim
voqeasi boʻldi. Albatta, bu juda masʼuliyatli va sharafli vazifa sifatida Oʻzbekistonning xalqaro nufuzi va taʼsirini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. Navbatdagi sammitning koʻhna va hamisha navqiron Samarqand shahrida oʻtkazilishida oʻzgacha bir maʼno va mazmun bor. Sharq mashʼali deya eʼtirof etilgan Samarqand boqiy shahar Rimning tengdoshi sifatida dunyoning eng qadim shaharlari qatorida turadi. Zero, Samarqand
dunyo tamaddunida oʻz oʻrniga ega ilmiy-madaniy maskan sifatida alohida eʼtirofga sazovor shahardir.
Joriy yil 16-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat
Mirziyoyev SHHT bosh kotibi Chjan Min bilan Samarqandda oʻtkaziladigan sammit masalalarini muhokama qildi. Ushrashuvda SHHT doirasida amaliy hamkorlikni kengaytirish va mintaqaviy sheriklikni mustahkamlash, Oʻzbekistonning tashkilotga raisligi davridagi asosiy tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish masalalari koʻrib chiqildi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va SHHT bosh kotibi Chjan Min Afgʻoniston masalasida SHHT rolini oshirish hamda ushbu mamlakatni infratuzilmaviy rivojlanish boʻyicha mintaqaviy dasturlarga faol jalb qilish zarurligini qayd etib oʻtishdi.
Samarqand shahrida oʻtkaziladigan SHHT sammitida mintaqada barqarorlik va xavfsizlik uchun xavf tugʻdirayotgan xatar va tahdidlarga qarshi kurashishda tashkilot salohiyatini kuchaytirish, «Shanxay ruhi» prinsiplari asosida hamkorlikni chuqurlashtirish zarurligi hamda transport sohasida oʻzaro bogʻliqlik, «yashil» energetika, innovatsiyalar, raqamli iqtisodiyot, sanoat kooperatsiyasi borasidagi qoʻshma loyihalarni ilgari surishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Samarqand sammitida 2021-yil sentabrda SHHTga toʻlaqonli ishtirokchi sifatida qoʻshilgan Eron davlati birinchi bor qatnashadi.
Mazkur sammitda SHHTga aʼzo davlatlardan tashqari, Afgʻoniston, Moʻgʻuliston va Belarus davlatlari tashkilotda kuzatuvchi, Turkiya esa muloqot boʻyicha hamkor sifatida ishtirok etadi.
Samarqand sammitida tashkilotga aʼzo koʻplab davlatlar bilan umumiy chegaraga ega Afgʻonistondagi vaziyat har tomonlama muhokama qilinib, muhim qarorlar qabul qilinishi kutilyapti.
Shuningdek, sammit doirasida oʻtkaziladigan xalqaro koʻrgazmada Oʻzbekistonning tarixiy, diqqatga sazovor hududlarida joylashgan madaniy meros obyektlari, azaliy qadriyatlari, tarixini, urf-odatlarini aks ettiruvchi suratlar namoyish etilishi belgilangan.
Mansur MUSAYEV,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti boʻlim boshligʻi, siyosiy fanlar boʻyicha falsafa doktori.
