Bugun buyuk sarkarda, qudratli saltanat asoschisi sohibqiron Amir Temur tavalludining 685 yilligi munosabati bilan respublikamiz boʻylab maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, ilmiy-amaliy anjumanlar boʻlib oʻtmoqda.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ixtisoslashtirilgan maktab-internatida ham ulugʻ bobomizni yod etish, uning bebaho maʼnaviy merosini yoshlar ongiga singdirish, ularda milliy gʻurur va iftixor tuygʻularini oshirish maqsadida “Sohibqiron vorislari” deb nomlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Milliy universiteti tarix fakulteti falsafa fanlari doktori (PhD), dosent Akbar Zamonov, katta oʻqituvchisi Nabijon Narziev hamda maktab internat oʻqituvchi va oʻquvchilari ishtirok etishdi. 

Soʻzga chiqqanlar Amir Temurning oʻzligimizni anglash, anʼana va qadriyatlarimizni tiklash borasidagi ulugʻvor ishlarda xalqimizga maʼnaviy kuch bagʻishlab kelayotgan ulugʻ siymolardan biri ekanligi, Osiyo va Yevropa qitʼalarida roʻy bergan tarixiy oʻzgarishlarga hal qiluvchi taʼsir koʻrsatib, jahon sivilizasiyasiga qoʻshgan beqiyos hissasi haqida fikr-mulohazalar bildirildi.

- “Bu dunyoda xalqimiz, millatimiz, Oʻzbekistonimiz bor ekan Amir Temur nomi barhayot! Sohibqiron bobomizning boy maʼnaviy merosini, harbiy sanʼatini oʻrganish maqsadida kuni kecha oʻtkazilgan “Temur tuzuklari bilimdoni” intellektual tanlovida maktab-internatimiz oʻquvchilari faxrli 1-oʻrinni egallashdi. Bu esa ajdodlarimizning shonli tarixi maktabimizda yoshlarga chuqur oʻrgatilib kelinayotganligidan dalolatdir, - deydi maktab-internati direktori polkovnik Sherali Toʻraev. 

Tadbir soʻnggida oʻquvchilar tomonidan tayyorlangan Amir Temur bobomizni madh etuvchi sheʼrlar, kuy-qoʻshiqlar va sahna koʻrinishlari oʻtirganlar koʻngliga xuzur bagʻishladi. 

Taʼkidlash joizki, bugun ham Sohibqironning mardlik, jasorat, adolat, tadbirkorlik, vatanparvarlikka yoʻgʻrilgan ezgu fazilatlari "Temurbek"larimiz qalbida namoyon boʻldi, desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi. 


Madina QAHHOROVA,

“Postda” muxbiri.