Ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xonanda va sozandalar, soʻz ustalari xizmatni oʻtash vaqtida vafot etgan xodimlarning oila aʼzolari, nogiron boʻlib qolgan xodimlar hamda faxriylarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida konsert dasturlari namoyish etildi, deyiladi Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati xabarida.
Jumladan, Termiz shahri va Muzrabot tumani markaziy oʻyingohlari, Jarqoʻrgʻon va Sariosiyo tumanlari madaniyat uylarida oʻtkazilgan konsert dasturlarida sanʼatkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar, hazil-mutoyibalar tomoshabinlar olqishiga sazovor boʻldi.
Shuningdek, IIV Madaniyat saroyi boshligʻi, podpolkovnik U.Tillaev boshchiligidagi sanʼatkorlar hamda Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati ichki ishlar organlari tizimida uzoq yillar xizmat qilib, hozirgi kunda qarilik gashtini surayotgan pensionerlar hamda xizmat vaqtida halok boʻlgan xodimlarning xonadonlarida boʻlib, ularning holidan xabar olishdi.
Konsert dasturlari davomida IIV akademik liseylari oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilgan huquqshunoslik fani olimpiadasining Respublika bosqichida faxrli 3-oʻrinni egallagan Surxondaryo akademik liseyi 3-bosqich oʻquvchisi D.Saʼdullaeva hamda mazkur taʼlim muassasasi oʻqituvchisi K.Aliqulov viloyat IIB boshligʻining pul mukofoti va kitoblar toʻplami bilan taqdirlandi.
Oʻz muxbirimiz.
