Oʻzbekiston Respublikasi IIV Probasiya xizmati, Toshkent viloyati IIBB Probasiya boʻlimi, mahalliy hokimliklar hamda boshqa hamkor tashkilotlar tashabbusi bilan «Mehnat yarmarkasi» tashkil etildi. Undan koʻzlangan maqsad Nurafshon shahar hamda Oʻrtachirchiq tumani ichki ishlar organlarining probasiya guruhlari nazorati ostida turgan xotin-qizlar va yoshlarning bandligini taʼminlash edi.
“Mehnat yarmarkasi”da Nurafshon shahar va Oʻrtachirchiq tuman ichki ishlar organlari probasiya guruhlari roʻyxatida turgan 65 nafar xotin-qizlar hamda 216 nafar yoshlar qatnashdi. Tadbir doirasida samimiy muloqotlar tashkil etilib, probasiya nazorati ostida jazo muddatini oʻtayotgan xotin-qizlar va yoshlarning muammolari, murojaatlari atroflicha oʻrganildi, savollariga javob qaytarildi. Ularga ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarni oʻtash tartib-qoidalari, sud tomonidan oʻrnatilgan taqiq va cheklovlarga amal qilishlari, qayta jinoyatlar sodir etmaslik, munosib xulq-atvorda, qonunlarimizga itoatkorona munosabatda boʻlish, jamiyatda yurish-turish qoidalariga rioya etish boʻyicha tushuntirishlar berildi.
Bandlikka koʻmaklashish markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur tadbirda Toshkent viloyati hududidagi 20 dan ortiq korxona va tashkilotlar oʻzlarining boʻsh ish oʻrinlari bilan qatnashdi. Nazorat ostidagi 16 nafar xotin-qiz oʻz mutaxassisliklari boʻyicha ishga joylashdilar. Shuningdek, 58 nafar yoshlar oʻzlari tanlagan yoʻnalishlari boʻyicha ish bilan taʼminlandilar.
Bundan tashqari, nazorat ostidagi yoshlar oʻrtasida tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagida boʻlganlarga masʼul xodimlar tomonidan zaruriy maslahat va yoʻl-yoʻriqlar berilib, ularning istaklarini roʻyobga chiqarish, qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan choralar koʻrildi. Tadbirlar soʻngida yoshlar viloyat Madaniyat boshqarmasi jamoasining badiiy chiqishlaridan bahramand boʻlishdi.
Baxtiyor RAHMATOV,
IIV Probasiya xizmati
matbuot kotibi, mayor.