Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamkorligida Milliy matbuot markazida tashkil etilgan tadbirda IIV tizimida amalga oshirilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar xususida soʻz yuritildi. Unda yurtimiz ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritayotgan jurnalistlar, ichki ishlar organlari xodimlari va faxriylar, bir guruh yoshlar ishtirok etdi.
Oʻtkazilgan tadbir doirasida «Oʻzbekiston xalqi xizmatida», «Ichki ishlar organlarining mard oʻgʻlonlari», «El-yurt osoyishtaligi generallari» hamda «IIV Birlashgan tahririyati kutubxonasidan» turkumida nashr etilgan «Maʼrifat ziyosi», «Yoshlar – kelajak poydevori», «Maʼnaviyat va maʼrifat chashmasi», «Faxriylar – faxrimiz» nomli kitoblarning taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Ichki ishlar organlari tashkil etilganining 30 yilligi munosabati bilan chop etilgan «Oʻzbekiston xalqi xizmatida» kitobi boʻyicha IIV vazir oʻrinbosari, Tergov departamenti boshligʻi, polkovnik, yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori Ya. Abdulxakov, «IIV Birlashgan tahririyati kutubxonasidan» turkumida nashr etilgan kitoblar taqdimoti yuzasidan IIV Birlashgan tahririyati bosh muharriri, polkovnik Bernora Sadikova, «Ichki ishlar organlarining mard oʻgʻlonlari», «El-yurt osoyishtaligi generallari» kitoblari boʻyicha IIV Faxriylar kengashi aʼzosi, yuridik fanlar doktori, isteʼfodagi polkovnik A. Sattarov soʻzga chiqdi.
Mazkur kitoblar inson manfaatlari yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisi boʻlgan, el-yurt tinchlik-osoyishtaligini saqlashga kamarbasta ichki ishlar organlari xodimlarining maʼnaviy-maʼrifiy bilimlarini oshirishga hamda yosh avlodni ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qilishini alohida taʼkidlashdi.
Tadbirda IIV Birlashgan tahririyati bosh muharriri, polkovnik Bernora Sadikova hamda muxbir Gulnoza Turgʻunboevalar Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi aʼzoligiga qabul qilindi va aʼzolik bileti hamda koʻkrak nishoni topshirildi.
IIV Birlashgan tahririyati.
