Yaqinda IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti hamda Namangan viloyati IIB masʼul xodimlari ishtirokida yoshlarni ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan ishlar va xodimlarga yaratilayotgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida targʻibot uchrashuvlari oʻtkazildi.

Xususan, viloyatdagi 3 ta oliy taʼlim muassasasi hamda chegara hududlarda yashovchi maktablarning oʻquvchilari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvlarda ichki ishlar organlari xizmatiga qabul qilishning yangi tartib qoidalari va bugungi kunda xodimlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar toʻgʻrisida batafsil tushunchalar berib oʻtildi.

Ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan islohotlar va xodimlar uchun koʻrsatilayotgan imtiyoz-ragʻbatlar aks ettirilgan videoroliklarning namoyish etilishi talaba va maktab oʻquvchilarida katta qiziqish uygʻotdi. Ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob olishdi. 

Shuningdek, tadbir davomida Namangan davlat universitetining faol talabalaridan tashkil etilgan "Yoʻl harakati xavfsizligi targʻibotchisi" guruhining taqdimoti oʻtkazildi. Hozirda iqtidorli yoshlarni xizmatga jalb qilish yuzasidan hududiy ichki ishlar organlari tomonidan amaliy tadbirlar davom ettirilmoqda.

Namangan viloyati 

IIB Axborot xizmati.