Dunyodagi 14 ta davlat yetakchisi va 10 ga yaqin xalqaro tashkilot vakillari ishtirokida oʻtgan Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammitida hozirgi kunda mazkur mintaqa aholisini qiynab kelayotgan koʻplab muammolar muhokama etilib, ularni bartaraf etishga oid bir qator chora-tadbirlar belgilab olindi. Bugun IIV Madaniyat saroyida tashkil etilgan “Shanhay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: oʻzaro bogʻliqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” mavzusidagi tadbirda ham ushbu masalalarga alohida toʻxtalib oʻtildi.
Unda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi masʼul xodimi Shohrux Nuraliev dunyo hamjamiyati nigohida oʻzining prinsiplariga sodiqligi, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmasligi bilan tobora obroʻ-eʼtibor qozonayotgan mazkur tashkilotning bu galgi sammitida ijtimoiy hayotning turli sohalariga oid 44 ta hujjat imzolanganligini aytdi. Ayniqsa, ular orasida ShHTga aʼzo davlatlar oʻrtasida oʻzaro savdoda milliy valyutalar ulushini bosqichma-bosqich oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”, tashkilotning keyingi 5 yillik rejasi va sammitning bosh hujjati boʻlmish Samarqand deklaratsiyasining borligi ayni muddao ekanligini taʼkidladi.
Shuningdek notiq oʻz soʻzida davlatimiz rahbari tomonidan ham iqtisodiy hamkorlik, transport, xavfsizlik, Afgʻoniston va ekologiya masalalari boʻyicha bir nechta takliflarni ilgari surganligi, bundan tashqari, navqiron va qadimiy Samarqand shahriga tashrif buyurgan mehmonlar uchun 80 dan ortiq turli madaniy va maʼrifiy tadbirlarning yuqori saviyada oʻtkazilganligini ham qayd etib oʻtdi.
Osoyishtaligimiz posbonlarida katta qiziqish uygʻotgan ushbu maʼrifiy tadbir yakunida Shanhay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammitiga bagʻishlangan videorolik ham namoyish etildi.
– Bugun, yer yuzi aholisining deyarli yarmini qamrab olgan ushbu tashkilotning faoliyatiga oid koʻplab maʼlumotlarga ega boʻldim, – deydi IIV Tashkiliy-shtat ishlari boshqarmasi muhim topshiriqlar boʻyicha inspektori, kapitan A. Jabborov. – Shu boisdan xodimlarning siyosiy bilim va saviyasini yanada oshirishda bu kabi tadbirlarning ahamiyati juda katta.
Mixli SAFAROV,
“Postda” muxbiri.
