Kasbiga sadoqatli odam umrining asosiy qismini uning rivojiga hissa qoʻshish bilan oʻtkazadi. Bunday kishining boshqalarga nafi koʻproq tegsa-da, fidoyiligini sira koʻz-koʻz qilmaydi. Ichki ishlar organlari tizimida kadrlar bilan ishlash yoʻnalishida ham koʻp yillar mehnat qilib, hamkasblariga oʻrnak koʻrsatgan xodimlar talaygina.
IIV Birlashgan tahririyati ana shunday fidoyi xodimlarning faoliyatiga bagʻishlab «Kadrlar xizmati fidoyilari» deb nomlangan yangi kitob tayyorlab, chop ettirdi. Kuni kecha Surxondaryo viloyati IIBda mazkur kitob taqdimoti boʻlib oʻtdi. Unda IIB shaxsiy tarkib jamoasi, OAV xodimlari va yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda soʻzga chiqqan Birlashgan tahririyat bosh muharriri oʻrinbosari, mayor Azizjon Fayziev kitobdan joy olgan koʻplab ustoz xodimlarning hayot yoʻli, ular koʻrsatgan jasoratlar haqida toʻxtaldi. Xususan, viloyat IIBda koʻp yillar mehnat qilgan faxriy xodimlarning ibratli xizmat faoliyati haqida iliq fikrlar bildirildi.
– Kitobdan uzoq yillar viloyat IIB kadrlar xizmati yoʻnalishida ishlagan otam Samijon Choriev haqidagi xotiralar ham oʻrin olganini koʻrib, juda xursand boʻldim, – deydi Yulduz Chorieva. – U kishining tajribasi endigina sohaga qadam qoʻyayotgan yoshlar uchun katta maktab boʻlishiga umid qilaman.
Feruza RAHMONQULOVA,
“Postda muxbiri.
Surxondaryo viloyati.
