IIV Jizzax akademik litseyida Jizzax davlat pedagogika universiteti professor-oʻqituvchilari bilan hamkorlikda “Qadring baland boʻlsin, ona tilim” shiori ostida maʼrifiy tadbir uyushtirildi.
Tadbirda oʻzbek tiliga oid ilmiy izlanishlar, lugʻatlar yaratish, xorij tillarining tilimizga va aksincha, oʻzbek tilining oʻzga tillarga taʼsiri haqida soʻz yuritildi. Soʻnggi yillarda oʻzbek tili va adabiyotini taraqqiy ettirish borasida olib borilayotgan islohotlarga toʻxtalib oʻtildi. Oʻz navbatida oʻquvchilar tomonidan mavzuga oid badiiy dastur namoyish qilindi.
Ayni paytda vazirlik tizimidagi barcha oʻquv muassasalarida boʻlgani singari IIV Jizzax akademik litseyida ona tili fani oyligi oʻtkazilmoqda. Oylik doirasida koʻrik-tanlovlar, bilimlar bellashuvlari va boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlar uyushtirilayotir.
Chunonchi, liseyning bir guruh oʻquvchilari Jizzax davlat pedagogika universitetida qatagʻon qurbonlari xotirasiga bagʻishlab ochilgan muzeyga tashrif buyurdilar. Bu yerda ularga yurtimiz ravnaqiga ulkan hissa qoʻshgan va afsuski, manfur tuzum yanchib tashlagan ulugʻ ajdodlarimiz, xususan oʻzbek shoir va yozuvchilari haqida soʻzlab berildi. Shu bilan birga yurt oydinlarining tilimiz hamda adabiyotimiz rivoji, xalqimizni qullikdan uygʻotish, ozodlikka undashga qaratilgan saʼy-harakatlari oʻquvchilar diqqat markazida boʻldi.
Alijon ABDUSATTOROV,
“Rostda” muxbiri.
Jizzax viloyati.
