Tinchlik qadri islohotlar uygʻunligida
Hamma zamonlarda ham el-yurt osoyishtaligini saqlash, xavfsizlikni taʼminlash, har bir insonning hayoti, sogʻligʻi va mol-mulkini turli xavf-xatarlardan ishonchli himoya qilish eng muhim masalalardan boʻlib kelgan. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan boshlangan ilk islohotlar ham aynan fuqarolarning salomatligi va xavfsizligini taʼminlash sohalariga doir boʻldi. Bunda asosiy eʼtibor ichki ishlar organlarini aholiga oʻz vaqtida va sifatli yordam koʻrsatadigan, har bir xodimi tomonidan xalq manfaatlariga xizmat qilishni oʻz burchi deb biladigan ijtimoiy yoʻnaltirilgan professional tuzilmaga aylantirishga qaratildi. Ichki ishlar organlari rahbarlari tomonidan fuqarolar bilan muloqot qilish, jinoyatlarni mahallalarning oʻzida muhokama qilish, eng chekka qishloqlarga borib, aholining dardini eshitish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
Islohotlar samarasi oʻlaroq, birinchi navbatda, xalq manfaatlariga xizmat qiladigan xalqchil tizim yaratildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yoʻnaltirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori ushbu yoʻnalishdagi yana bir ulkan qadam boʻldi.
Qaror bilan ichki ishlar organlarini aholining ishonchli himoyachisi sifatida xalqchil professional tuzilmaga aylantirish, ularning fuqarolar, jamoat tashkilotlari hamda keng jamoatchilik bilan yaqin hamkorlikda, oʻzaro ishonch va hamjihatlikda ishlashini taʼminlash, mahallalar, aholi turarjoylari va butun yurtimizda qonun ustuvorligi, tinchlik-osoyishtalikni yanada mustahkamlash, bir soʻz bilan aytganda, «Inson qadri uchun» tamoyilining amaliy hayotda toʻliq oʻz aksini topish maqsadini koʻzlaydi.
Maʼnaviyat barqarorligi bardavom
Ichki ishlar organlari xodimlarining zamonaviy qiyofasini yaratish, ularning masʼuliyati va kasbiy salohiyatini oshirish boʻyicha ham qator ijobiy ishlar qilindi. Osoyishtalik posbonlarini xizmat burchiga sadoqat, vatanparvarlik, halollik ruhida tarbiyalash, imijini oshirishga erishish vazirlik rahbariyatining doimo diqqat markazida. Islohotlar natijasida xodimlarning huquq va vakolatlari kengaydi, ayni paytda masʼuliyati ham oshdi, ularni huquqiy va ijtimoiy tomondan himoyalash asoslari yaratildi. Bugungi kunda ichki ishlar organlarining faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida shaxsiy tarkibni zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga layoqatli, maʼnaviy yetuk, ruhiy va jismoniy jihatdan barkamol, malakali xodimlar bilan jamlash choralari koʻrilmoqda.
Ichki ishlar organlarida halol va pok yashashni oʻzi uchun hayotiy eʼtiqod, oliy maqsad deb biladigan vatanparvar xodimlar juda koʻp. Aynan shunday xodimlar va ularning fidokorona xizmatlari tufayli tizimda maʼnaviyatning barqarorligi bardavomdir.
Hammasi inson qadri uchun
Jinoyatchilikning yangi koʻrinishlariga qarshi kurashish uchun ularda zarur koʻnikmalar shakllantirilyapti. Sohani toʻliq raqamlashtirish yoʻnalishida muhim qadamlar qoʻyildi. Bosqichma-bosqich ichki ishlar organlarining tayanch punktlari negizida mahalla huquq-tartibot maskanlari tashkil etilmoqda.
Mahallalarda yaratilgan tizim – «fuqarobay», «oilabay» va «mahallabay» ishlash orqali huquqbuzarliklarning ijtimoiy profilaktikasini taʼminlash oʻz samarasini berayotir. Xususan, har bir mahalla, oila va shaxs kesimida jinoyatchilikning sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish amaliyoti joriy etildi.
Jinoyatchilik holatdan kelib chiqib, tuman, shahar va mahallalar «qizil», «sariq» va «yashil» toifalarga ajratilib, mutassadilar va jamoatchilik bilan hamkorlikda «jinoyat oʻchoqlari»ni bartaraf etish uchun barcha zarur kuch va vositalar jalb qilinish orqali mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash choralari koʻrilyapti.
Xalqqa xizmat – oliy saodat
«Yangi Oʻzbekiston ichki ishlar organlari» tizimini yaratish maqsadida sohani zamonaviy bilimli, yuksak insoniy va professional salohiyatga ega boʻlgan yosh kadrlar bilan toʻldirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Ichki ishlar organlarida Jamoatchilik kengashlari davlat, fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻygan holda, ichki ishlar organlari faoliyatini yanada jadal va har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlarni birlashtirmoqda. Mazkur tuzilma zamonaviy shakldagi tizimli hamda samarali muloqotni tashkil etgan holda, oʻzaro ijtimoiy manfaatlar kelishilishini taʼminlaydi.
Aholi ichki ishlar organlari xodimlarini nafaqat professional va mahoratli kasb egasi, balki muomala odobi va estetikasiga ega shaxs sifatida koʻrishni istaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda xodimlarimizga nisbatan bildirilayotgan eʼtiroz va tanqidlarning aksariyati muomala odobi va estetikaga tegishlidir. Shu sababli, bugun ichki ishlar organlari xodimiga muomala odobi va estetikasini oʻqitish – hayotiy ehtiyojga aylandi.
Bir soʻz bilan aytganda, asosiy maqsad – ichki ishlar organlarini xalqchil tuzilmaga aylantirish, tizimda oʻz kelajagiga yangicha qaraydigan, Vatanga va xizmat burchiga sadoqat ruhida tarbiyalanayotgan, el-yurt xizmatiga shay, yuragi yonib, koʻzlaridan oʻt chaqnab turgan tashabbuskor va fidoyi kadrlarni tayyorlashdir.
Azizjon FAYZIYEV,
podpolkovnik.
