Ilm ikki dunyo saodatidir, deydi keksalar. Zero, ilmli inson oʻzi uchun doim toʻgʻri yoʻlni tanlay biladi, ilmsizni hamma har yoqqa yetaklaydi. 

Bugun biz yashayotgan axborot asrida farzandlarimizni turli yot gʻoyalar oqimi sari yetaklaydiganlar ham yoʻq emas. Ularning taʼsiriga tushib qolmasligi uchun esa bolalarni murgʻakligidayoq goʻzal axloqli, ilmli qilib tarbiyalashga ahamiyat beriladi. Istiqboli porloq, mustaqil hayotda qoqilmaydigan boʻlib yetishishiga eʼtibor qaratiladi. Bunda, avvalo, ota-ona farzandini nazorat qilishi, uni rostgoʻy, rahmdil, mehribon, vijdonli, diyonatli qilib tarbiyalashi, ayniqsa, bilim olishga ragʻbatini kuchaytirishi lozim boʻladi. 

Sariosiyo tumanidagi 3-umumtaʼlim maktabida tuman IIB xodimlari ishtirokida oʻtgan tadbirda ana shu mavzu xususida soʻz bordi. Tadbirda huquqni muhofaza qiluvchi organlardan nafaqaga chiqqan faxriylar ham ishtirok etdi. Ular yoshlarga hayotda oʻz yoʻlini topishi, bir maqsad sari intilishi uchun hayotiy maslahatlarini berishdi. 

Nasiba MAJITOVA,

Sariosiyo tumani IIB HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori, leytenant.