Navoiy viloyatining Uchquduq tumani, aniqrogʻi, Markaziy Qizilqumda, Mingbuloq qishlogʻidan 30 km uzoqlikda joylashgan Jaraquduq darasi – ochiq osmon ostidagi noyob paleontologik muzey hisoblanadi. Ilmiy farazlarga koʻra, bu yerda taxminan 95 million yil avval hududdagi chinor (platan) va qirqquloq (paporotnik)larning vertikal holatdagi toshlarga aylanishi natijasida ushbu «Toshoʻrmon» yuzaga kelgan.
Olis oʻtmishning betakror va oʻchmas sahifasi boʻlib muhrlanib qolgan toshlar oʻrmoni ajoyib va gʻaroyib tabiat moʻʼjizasidir.
Million yillar oldin tabiati boy, goʻzal manzaraga ega «Mingbuloq» botigʻiga koinotdan begona bir jism, yaʼni meteorid kelib uriladi. Natijada, dengiz suvi parchalanib, bu yer yuz yillar davomida quyosh nuridan panada — chang-toʻzon girdobida qoladi. Oqibatda esa begona jismning kimyoviy va fizik xususiyatlari bilan qorishuvi natijasida dengiz atrofidagi oʻrmonzorlar, quruqlik va suvda yashaydigan jonivorlar oʻzga bir shaklga, yaʼni toshga aylanadi.
Arxeolog olimlar tomonidan olib borilgan izlanishlar tufayli topilgan suyaklar dengiz jonivorlariga tegishli ekanligi oʻz isbotini topdi. Qolaversa, bugungi kunda ham hududda tosh qotgan chigʻanoqlar, daraxt tanasi va hatto, mevalarini ham uchratish mumkin. Olimlarning taʼkidlashicha, «Toshoʻrmon»da yongʻoq, bodom, jiyda, shaftoli, olcha va shunga oʻxshash daraxtlar oʻsganini isbotlovchi dalillar bor.
