Aynan ana shu maqsadda, yaʼni mamlakatlarimiz oʻrtasidagi har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishni koʻzlab, 2009-yilning 3-oktabr sanasida Ozarbayjonning Naxichevan shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga asos solinlgan. Aslida unga qadar ham Turkiy davlatlar rahbarlari sammiti mavjud boʻlib, uning ilk yigʻilishi 1992-yil 30-oktabrda Anqarada oʻtkazilgan edi. 2018-yilning sentabr oyida Prezidentimiz ushbu tashkilotning Qirgʻizistonning Choʻlponota shahrida oʻtkazilgan sammitida faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi. 2019-yil sentabrida Oʻzbekiston Naxichevan bitimini ratifikatsiya qilib, oʻsha yili oktabrda tuzilmaga rasmiy qoʻshildi.
Ayni paytda Turkiy tilli davlatlar tashkiloti tarkibiga Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Turkiya kiradi. Vengriya hamda Turkmaniston esa uning faoliyatida kuzatuvchi sifatida ishtirok etadi.
Bu tashkilot, yaʼni Turkiy kengash xalqaro tuzilmalar ichida birinchi boʻlib pandemiyaga qarshi birgalikda kurashishga bagʻishlangan davlat rahbarlari favqulodda sammitini oʻtkazdi. Ushbu sammitda nafaqat turli tibbiy jihozlarni yetkazish yoʻli bilan oʻzaro yordam koʻrsatish borasida, balki transport, iqtisod, savdo, chegara va migratsiya kabi bir qator sohalarda ham yangi maqsad hamda vazifalar belgilab olindi.
Oʻzbekiston tashkilot ishida faol ishtirok etmoqda. Davlatimiz tuzilma doirasida bir qancha tashabbuslarni ilgari surgan. Ushbu taklif va tashabbuslar zamirida siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda turkiy tilli xalqlar hamda davlatlar oʻrtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirishdek ezgu maqsadlar yotibdi.
Soʻnggi yillarda tashkilot aʼzolarining savdo-iqtisodiy sohalardagi oʻzaro hamkorligi tobora kuchaymoqda. 2016-yildan beri ular oʻrtasidagi mahsulot aylanmasi 40 foizga oshdi. Oʻzaro savdoning umumiy hajmi esa 16 milliard AQSH dollariga yaqin.
Transport-kommunikatsiya sohasida ham hamkorlik rivojlanyapti. Jumladan, «Boku–Axalkalasi–Kars» temiryoʻl tarmogʻining tranzit salohiyatini oshirish maqsadida tomonlar oʻrtasida bojxona-soliq siyosatini muvofiqlashtirish va bojxona jarayonini soddalashtirish masalalari ustida ish olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbari tashkilot doirasidagi sammitlarda iqtisodiy, sarmoyaviy, savdo-sotiq, transport-kommunikatsiya va logistika tizimlarini rivojlantirish, innovatsiyalar, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash sohalariga oid, sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirish, sanoat kooperatsiyasini va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, ziyorat
turizmi boʻyicha qator tashabbuslarni faol ilgari surgan edi.
Yurtboshimizning Kengashning Choʻlponota shahrida boʻlib oʻtgan sammitidagi taklifiga asosan, ilk bor poytaxtimizda 2019-yilning oktabr oyida Turkiy tilli davlatlar Ishbilarmonlar kengashi majlisi hamda Investitsiya va biznes forumi boʻlib oʻtdi. Mazkur anjumanlarda Turkiy kengashga aʼzo mamlakatlar ishbilarmon doiralarining 300 nafarga yaqin, shuningdek, Oʻzbekiston tomonidan vazirlik va idoralar, tadbirkorlik subyektlarining 200 dan ortiq vakili ishtirok etdi.
Investitsiya va biznes forumi doirasida, shuningdek, Turkiy tilli davlatlar ishbilarmon doiralari ishtirokida «B2B» formatdagi uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Oʻzaro muloqotlar chogʻida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda, xususan, qurilish materiallari ishlab chiqarish, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻnalishlaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, mamlakatimiz rahbarining taklifiga koʻra, 2021-yilning sentabrida Toshkent shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasida «IDEA – Yosh tadbirkorlar forumi» boʻlib oʻtdi. Unda Ozarbayjon, Turkiya, Vengriya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekistondan 200 dan ortiq yosh tadbirkorlar, xalqaro ekspertlar, Kengashga aʼzo mamlakatlarning yoshlar masalalariga masʼul vazirlari, shuningdek, TTDHK kotibiyatining rahbariyati qatnashdi.
2021-yilning 12-noyabr kuni Istanbul shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining sakkizinchi sammiti boʻlib oʻtdi. Mazkur sammitda savdo, investitsiyalar, «yashil» iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, transport va kommunikatsiyalar, taʼlim hamda madaniyat sohalaridagi koʻp qirrali munosabatlarni har tomonlama kengaytirish va mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi.
Sammit yakunlari boʻyicha qabul qilingan hujjatlarning ayrimlari xususida toʻxtalib oʻtadigan boʻlsak, tuzilmaning nomi «Turkiy davlatlar tashkiloti» deb oʻzgartirildi. Turkiy davlatlar tashkilotining turkiy dunyo birligiga qoʻshgan hissasi uchun Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofoti taʼsis etildi. «Turkiy davlatlar tashkilotining Turkiy investitsiya fondini tashkil etishni yakunlash toʻgʻrisida»gi qaror qabul qilindi.
Maʼlumot oʻrnida shuni qayd etish kerakki, hozirda Yer yuzida 250 million nafardan ortiq turkiy tilli xalqlar vakillari yashaydi. Ularning asosiy qismi oltita mustaqil turkiy tilli davlat, yaʼni Ozarbayjon, Turkiya, Turkmaniston, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Qozogʻiston hududida istiqomat qiladi. Ushbu davlatlarning umumiy maydoni salkam 5 million kvadrat kilometrni tashkil qiladi.
Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar rahbarlarining navbatdagi sammiti ertaga Samarqandda boʻlib oʻtadi. Ahamiyatli jihati shundaki, Oʻzbekistonda oʻtkazilishi rejalashtirilgan sammit Turkiy davlatlar tashkilotining ilk yigʻilishi sifatida tarixda qoladi. Bu sammitda oʻzaro hamkorlik samaradorligini oshirish, savdo, iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, transport va kommunikatsiyalar, madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni yanada kengaytirish boʻyicha koʻp tomonlama sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan qator hujjatlar qabul qilinadi, deb umid qilamiz.
Xulosa qilib aytganda, Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi birdamlik mustahkamlanib, har tomonlama hamkorlik tobora taraqqiy topmoqda. Bu esa rivojlanish sari yangi qadam boʻlib xizmat qilishi shubhasiz.
Bobomurod TOSHEV.
