Bir donishmanddan soʻrashibdi: «Sizni koʻproq nima hayratlantiradi?».
U esa shunday javob qilibdi: «Odamlar. Chunki ular, avvaliga, oʻz sogʻligʻidan kechgan holda pul topishga intiladi. Keyin esa bir talay mablagʻni salomatlikni tiklash uchun sarflaydi. Bundan tashqari, ular kelajak haqida shunchalik koʻp qaygʻuradiki, bugungi kundan zavq olishni unutadi. Natijada na ayni damda, na kelajakda huzurli hayot kechiradi. Vafoti yaqinlashganda esa rohatlanib yashamaganidan afsuslanadi.
Umr mislsiz tezlik bilan oʻtib ketadi, odamlarga buni hayqirib eslatgim keladi. Hozirgi on bilan yashang! Negaki kechagi kun ortda qoldi, ertangi kun esa boʻlmasligi ham mumkin. Bilingki, bugun hayotingizdagi eng yaxshi va omadli kun!».
Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.
