Ichki ishlar organlarida oʻtkazilayotgan «Uch avlod uchrashuvi»da yosh, oʻrta va keksa avlod oʻrtasidagi koʻprikni mustahkamlash borasidagi chora-tadbirlar izchillik bilan davom etmoqda. Xususan, IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamentida «Yongʻinning oldini olish boʻlimi tashkil etilganligining 30 yilligi» va «Uch avlod uchrashuvi» maʼnaviy-maʼrifiy tadbiri boʻlib oʻtdi. Yong ʼinning oldini olish bo ʼlimi 1994-yilning aprel oyida oʻsha paytdagi IIVning transport militsiyasi tarkibida 25 nafar xodim bilan ish boshlagan. Boʻlim oldiga temiryoʻl vokzallarida, yoʻlovchi, yuk tashuvchi poyezdlar vagonlari hamda neft-gaz mahsulotlarini yetkazib beruvchi sisternalarda katta yongʻin va talafotlarning oldini olish ishlarini bajarish vazifasi qoʻyilgan. «Uch avlod uchrashuvi»ga tashif buyurgan faxriylarning koʻpchiligi aynan mana shu yoʻnalishda uzoq yillar samarali xizmat qilib, pensiyaga chiqqan fidoyilar boʻldi. 

– Men sohaga endi kirib kelayotgan yoshlarni ustozlar oʻgitiga amal qilib, bilimlarni chuqur oʻzlashtirib, ustoz-faxriylarimizga munosib boʻlishga, qolaversa, bugungi kunda oliy maqsadlarimizdan biri boʻlgan «Yangi Oʻzbekistonda – Uchinchi renessans» davriga poydevor qoʻyishda faol ishtirok etishga chorlayman! – dedi tadbirni ochib bergan Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Bahodir Mirzarahimov.

Katta hayotiy tajribaga ega insonlar sifatida yosh avlodni vatanparvarlik, kasbiga sadoqat, qonunchilik va xizmat intizomiga qatʼiy amal qilish ruhida tarbiyalash borasidagi ishlarga munosib hissa qoʻshib kelayotgan faxriylar chin maʼnoda ustoz degan nomga munosibdir. Tadbir yakunida tizimda uzoq yillar davomida mehnat qilgan faxriylarga IIV hamda FVV rahbariyatining tashakkurnomalari va qimmatbaho esdalik sovgʻalari topshirildi. 

Abror POYONOV,

oʻz muxbirimiz.