Shu kunlarda joylarda «Yil ayoli» va «Gender tenglik faoli» milliy tanlovlarining hududiy bosqichlari boʻlib oʻtmoqda. Mazkur tanlovlarda koʻpgina ayol xodimlar qatori, ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan, hamkasblariga har jihatdan oʻrnak boʻlayotgan ayol xodimlar ham ishtirok etmoqda.
Fargʻona viloyatida oʻtkazilgan «Yil ayoli» koʻrik-tanlovining hududiy bosqichida viloyat IIBning turli sohaviy yoʻnalishlarida xizmat qilayotgan
5 nafar xodima faol qatnashdi.
Har bir ishtirokchining xizmat faoliyati, shu bilan birga, oilada, farzandlar tarbiyasida tutgan oʻrni belgilangan mezonlar asosida baholab borildi.
Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tashabbusi bilan oʻtkazilayotgan «Yil ayoli» va «Gender tenglik faoli» milliy tanlovlarining Xorazm viloyat bosqichi koʻtarinki kayfiyatda tashkil etildi.
Tanlovning viloyat bosqichida Urganch shahar IIOFMB HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori, katta leytenant N. Abdullaeva «Yilning eng vatanparvar ayoli» nominasiyasi gʻolibi deb topildi.
N. Abdullaeva mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash shahar boʻlimi xodimlari bilan hamkorlikda mahallalarda, oʻquv muassasalarida, korxona va tashkilotlarda xotin-qizlar oʻrtasida jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ularni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish, ish bilan taʼminlash boʻyicha samarali ishlarni amalga oshirmoqda.
Natijada shahar hududida ayollar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklar soni kamayib, ularning ijtimoiy-huquqiy himoyasi taʼminlanmoqda.
Andijon shahridagi Yoshlar markazida «Yil ayoli», «Gender tenglik faoli» tanlovlarining viloyat bosqichi gʻoliblarini taqdirlashga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.
Mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga munosib hissa qoʻshayotgan, oilada, farzand tarbiyasida koʻplarga ibrat boʻlayotgan, shuningdek, oʻz sohasida samarali ish olib borayotgan opa-singillarimiz faoliyatini keng jamoatchilikka yaqindan tanishtirish, ularning ilgʻor ish tajribalarini ommalashtirish, qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish maqsadida tashkil etilgan ushbu tanlovlarda ishtirokchilar 11 ta nominasiya boʻyicha saralandi.
«Gender tenglik faoli» milliy tanlovida Qoʻrgʻontepa IIB HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektori, katta leytenant Fotima Mirzaahmedova nominasiya gʻolibi deb topildi.
«Yil ayoli» tanlovining Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichi Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatrida boʻlib oʻtdi. Unda turli jabhalarda faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar 16 nominasiya boʻyicha oʻzaro kuch sinashdi.
Tanlov yakunida Nukus tumani IIB HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori, podpolkovnik Rita Sarmanova «Yilning eng vatanparvar ayoli» nominasiyasi boʻyicha 1-oʻringa munosib koʻrildi.
Gʻoliblarga tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.
Sariosiyo tumani IIB HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori, leytenant Nasiba Majitova ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarga ijtimoiy-moddiy, tibbiy-psixologik, huquqiy yordam koʻrsatish barobarida, xotin-qizlar oʻrtasida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan koʻplab tadbirlar, profilaktik suhbatlar oʻtkazib kelmoqda. U shuncha yumushdan ortib, jamoat tadbirlari, koʻrik-tanlovlarda ham faol ishtirok etishni uddalaydi. Yaqinda oʻtkazilgan «Gender tenglik faoli» milliy tanlovining viloyat bosqichida gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.
– «Har bir odam qiladigan ishining qanday natijalanishini oldindan fahmlasa, muammoga duch kelmaydi». Faoliyatim davomida bu hikmatli gapning magʻzini yaxshiroq angladim. Har gal uning naqadar toʻgʻriligiga, inson oʻz harakatlarini boshqara olishi, hayotda aql bilan birga farosat ham juda muhim ekanligiga amin boʻldim, – deydi leytenant Nasiba Majitova.
Ha, Nasibaning soʻzlarida jon bor. Zero, u oʻtayotgan tajriba maktabi ham buni koʻrsatib turibdi. Ichki ishlar organlari tizimida ish boshlaganiga endigina 3 yil boʻlgan boʻlsa-da, qahramonimizning tirishqoqligi, oʻz ishini puxta bajargani tufayli erishayotgan natijalari aytsa arzigulik.
Nasibaning rejalari katta. U gender tenglik boʻyicha ilmiy ish qilish niyatida.
