Buyuk mutafakkir, gʻazal mulkining sultoni, davlat arbobi Mir Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi munosabati bilan IIV Navoiy akademik liseyida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda. Jumladan, lisey oʻquvchilari oʻrtasida adabiy-badiiy kecha, insholar tanlovi, shoirning hayoti va ijodi yuzasidan “Zakovat” oʻyini tashkil etildi.
Mazkur tadbirda lisey rahbariyati, viloyat IIB MMI va KBTX xodimlari, faxriylar, Navoiy davlat pedagogika instituti professor-oʻqituvchilari, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi vakillari ishtirok etishdi. Ulugʻ bobokalonimiz hayoti va ijodi, betakror gʻazal va dostonlari aks etgan sahnalashtirilgan dastur tadbir ishtirokchilariga manzur boʻldi. Farhod va Shirin, Layli va Majnun, Shoh Iskandar kabi qahramonlar oʻquvchilar tomonidan gavdalantirilgani yosh avlodning shoir ijodiga qiziqishi nechogʻlik yuqor ekanligidan dalolatdir.
Tadbir soʻngida faol oʻquvchilar faxriy yorliqlar va shoir asarlaridan iborat kitoblar bilan taqdirlandilar. Bu kabi tadbirlar oʻquvchilarning maʼnaviy dunyoqarashini yuksaltirishga, ularning qalbida milliy gʻurur va qadriyatlarimizga hurmat hissini oshirishga, klajagimiz egalarining vatanparvarlik ruhida tarbiya topishida muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Mahliyo XOLOVA,
“Postda” muxbiri.
Navoiy viloyati.
