Yurtimiz istiqlolga erishgan ilk yillarda ayrim gʻaraz niyatli kuchlar xalqimizni oʻz tanlagan yoʻlidan qaytarish, insonlarning qalbiga qutqu solish maqsadida turli xunrezliklarni amalga oshirgan edi. Mustaqillikni himoya qilish uchun ichki ishlar organlarining mard va jasur xodimlari ham birinchilardan boʻlib oyoqqa turdi. Yurtimizning tinchlik-osoyishtaligini asrash yoʻlida bir qancha mard, jasur hamkasblarimiz aziz jonlarini qurbon qildilar.
Ularning oila aʼzolariga davlatimiz tomonidan doimiy ravishda gʻamxoʻrlik qilinib kelinmoqda. Prezidentimiz tomonidan 2023-yil 13-mart kuni imzolangan “Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmon ham fikrimizning yorqin tasdigʻidir.
Ushbu hujjatga koʻra, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qoʻmitasi va Elektron texnologiyalarni rivojlantirish markazining Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yoʻlida yaralangan, kontuziya yoki mayib boʻlganligi oqibatida halok boʻlgan harbiy xizmatchilari va xodimlarining oila aʼzolari hamda ularning qaramogʻidagi shaxslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, gʻamxoʻrlik qilish va hurmat-ehtirom koʻrsatish maqsadida bir qator imtiyoz va kafolatlar belgilandi.
Jumladan, farmonga muvofiq, halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlarning oila aʼzolariga marhumning oxirgi egallagan lavozimi boʻyicha maoshi va harbiy (maxsus) unvoni maoshi yigʻindisining 150 baravari miqdorida biryoʻla nafaqa beriladi. Harbiy xizmatchilar va xodimlarning davlat majburiy shaxsiy sugʻurtasi doirasida harbiy xizmatchi va xodim halok boʻlganda toʻlanadigan sugʻurta summasi bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida belgilandi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga ular tomonidan belgilangan miqdorlarda (mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 50 foizigacha boʻlgan summadan oshmagan holda) mahalliy budjetlarning qoʻshimcha manbalari hisobidan halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlarning tegishli hududda istiqomat qiluvchi oila aʼzolariga har oy toʻlanadigan nafaqa tayinlash tartibini belgilash huquqi berildi.
Shuningdek, joriy yilning 1-mayidan oilaning mehnatga layoqatsiz har bir aʼzosiga boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi pensiyani hisoblab chiqish uchun olinadigan pul taʼminotining (ish haqining) 50 foizi miqdorida belgilandi. Ularning oila aʼzolari (ota-onasi, turmush oʻrtogʻi, 23 yoshga toʻlmagan farzandlari) daromadlar qaysi oyda olingan boʻlsa, oʻsha oyda har bir oy uchun mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 3 baravari miqdoridagi daromadlar boʻyicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod etiladi. Belgilangan tartibda turarjoyga muhtoj deb tan olingan taqdirda, turarjoy bilan birinchi navbatdagi tartibda taʼminlanadi. Halok boʻlgan harbiy xizmatchi va xodimning yangi nikohga kirmagan turmush oʻrtogʻi va (yoki) harbiy xizmatchining (xodimning) qaramogʻida boʻlgan ota-onasidan biriga mulkida turarjoy boʻlmagan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilariga turarjoyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasini toʻlash tartibi tatbiq etiladi.
2023-yil 1-iyundan boshlab esa halok boʻlgan harbiy xizmatchi va xodimning farzandlari maktabgacha taʼlim muassasalarida bepul tarbiyalanadi, professional va oliy taʼlim muassasalarida davlat granti asosida qoʻshimcha kvotalar boʻyicha taʼlim oladi.
Shuningdek, halok boʻlgan harbiy xizmatchi va xodimning ota-onalariga yilida ikki marta temir yoʻl va havo yoʻlovchilar transportidan bepul foydalanish huquqi beriladi. Uning oila aʼzolariga masʼul vazirlik va idoralarning tibbiyot muassasalarida bepul tibbiy yordam olish huquqi saqlab qolgan holda, tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari doirasida tibbiy yordamni ustuvor ravishda olish va navbatdan tashqari shifoxonaga yotqizish imkoniyati yaratiladi.
Farmonda el-yurtimiz himoyasi, tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashning yana bir qator choralari koʻzda tutilgan. Bu esa Vatan oldidagi xizmat hech qachon unutilmasligini koʻrsatadi.
Odiljon YAKUBOV,
IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar
va kadrlar bilan taʼminlash departamenti boshqarma
boshligʻi, podpolkovnik.
