Xalqimiz azaldan goʻzallik va nafosat timsoli boʻlgan moʻʼtabar onaxonlarimiz hamda dilbar opa-singillarimizga alohida hurmat-ehtirom koʻrsatib kelgan. 

Jumladan, barcha joylarda boʻlgani kabi Qoraqalpogʻiston respublikasi IIV tomonidan ham 8-mart – “Xalqaro xotin-qizlar kuni”ga bagʻishlab, tantanali tadbir oʻtkazildi.

Unda mazkur hudud ichki ishlar organlari tizimida xizmat qilayotgan xotin-qizlar, shuningdek, faxriylar ishtirok etishdi. Tadbir avvalida soʻz olgan Oʻzbekiston respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor A.Ikramov Ichki ishlar vaziri, general-leytenant P.Bobojonovning bayram munosabati bilan soha malikalariga yoʻllagan tabrigini oʻqib eshittirdi. 

Shundan soʻng soʻzga chiqqan Qoraqalpogʻiston Ichki ishlar vaziri, polkovnik A.Orinbaev erkaklar bilan bir safda yurt tinchligi, uning osoyishtaligini taʼminlash, jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashishda fidoyilik namunalarini koʻrsatib kelayotgan munis ayollarni ushbu sana bilan qizgʻin muborakbod etdi. 

Bundan tashqari, xizmatda yuqori natijalarga erishib kelayotgan bir guruh xotin-qizlarga Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligining buyrugʻi bilan faxriy yorliq, koʻkrak nishoni, esdalik qoʻl soati hamda pul mukofotlari topshirildi. 

Koʻtarinki ruhda oʻtgan mazkur tadbir yakunida esa, respublika madaniyat xodimlari hamda vazirlik “Orol yulduzlari” ansambli xonandalarining konsert dasturi yigʻilganlarga xushnudlik baxsh etdi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV Axborot xizmati.