Qashqadaryo viloyati IIBda Navroʻz bayrami tadbiri boʻlib oʻtdi. Unga viloyat ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xodimlar, soha faxriylari taklif etildi. 

Tantanali tadbirni viloyat IIB boshligʻi, polkovnik Abduvohid Ismoilov ochib, Ichki ishlar vazirining soha xodimlariga yoʻllagan bayram tabrigini oʻqib eshittirdi. Shundan soʻng viloyat hokimi Murotjon Azimov soha xodimlarini ayyom bilan qutladi. 

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-martdagi “Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimizni mukofotlash toʻgʻrisida”gi Farmoniga binoan taqdirlangan Dehqonobod tumani IIB HPB “Beshbuloq” mahalla fuqarolar yigʻini profilaktika katta inspektori, podpolkovnik Husan Abrahmatovga “Sodiq xizmatlari uchun” medali tantanali ravishda topshirildi. Bundan tashqari, bir guruh xodimlarga «Aʼlo xizmatlari uchun», I, II, III darajali «Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun» koʻkrak nishonlari, faxriy yorliq, esdalik qoʻl soati va pul mukofotlari berildi. 

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hovlisida katta doshqozonda sumalak solinib, sumalak sayli tashkil qilindi. Soha malikalari tomonidan tayyorlangan bahor taomlari, koʻklam neʼmatlari dasturxonga tortiq etildi. 

Viloyat ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan shahodatlangan xotin-qizlar oʻrtasida “Eng pazanda xodima” tanlovi oʻtkazilib, gʻoliblar boshqarma rahbariyatining diplom va qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Vohaning taniqli sanʼatkorlari tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar ishtirokchilarga xush kayfiyat ulashdi. 

Oʻz muxbirimiz.

Qashqadaryo viloyati.