Huquqiy demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyati barpo etishda oʻzini-oʻzi boshqarish organlarining taʼsiri beqiyos. Qadimdan yurtimizda mahallalar ijtimoiy hamkorlik maskani sifatida sharqona demokratiyaning koʻzgusi boʻlib xizmat qilgan. Mahalla ahli jamoaga oid masalalarni hal etishdan tashqari, muhtojlarga yordam koʻrsatish, toʻy va taʼziyalarda xonadon sohiblari bilan bir tanu-bir jon boʻlib uning ogʻirini yengil, mushkulini oson qilishda ham ishtirok etgan.
Oʻtgan yillar mobaynida mahalla mamlakatimizda kechayotgan keng koʻlamli islohotlarni yanada chuqurlashtiruvchi, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlovchi maskan sifatida ham shakllandi.
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat Universitetida viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, 3-sektor rahbari Rahmat Mamatov va Samarqand shahridagi mavjud mahalla fuqarolar yigʻini raislari ishtirokida oʻtkazilgan davra suhbatida mahallaning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini oshirish borasidagi ishlar xususida soʻz yuritildi.
-Mahalla raisi tashabbuskor, xalqning ogʻiriga yelkadosh, muammo va masalasiga koʻmakdosh boʻlishi lozim. Har bir hududning farovonligi mahalla obodligidan boshlanadi. Mahalla raisi oʻz hududini obodonlashtirishda jonbozlik koʻrsatsa, yurtimiz obod boʻladi, obod yurt insonlarining kayfiyati ham koʻtarinki, ertangi kunga boʻlgan ishonchi baland, hayotga qiziqishi ham oshadi, -deya taʼkidladi Rahmat Mamatov.
Darhaqiqat, bugun oʻzini- oʻzi boshqarish organlari raislari islohotlar jarayonida faol, aholining vatanga daxldorlik tuygʻulari bilan bugunidan rozi boʻlib yashashini taʼminlashda ilgʻor boʻlishi har qachongidan muhim. Qayd etildiki, mahalla tizimiga eʼtibor kuchaytirildi, ularning moddiy-texnik bazasi tubdan yaxshilandi. Muammolar mahallada yechim topmoqda. Aholi muammolarini aniqlash, mushkulini oson qilishning oʻzi boʻlmaydi. Bunda mahalla raisi rahbarlar oldiga masalani koʻndalang qoʻya olishi shart.
Muloqot davomida ishtirokchilarning “Doʻstlik”, “Quyi xoʻja soat”, “Motrid”, “Yoshlar” MFY hududiga svetafor oʻrnatish, ichki ishlar tizimiga ishga joylashish, roʻyxatga kiritish va “Ibn Sino” mahallasiga videokuzatuv qurilmasi oʻrnatish kabi savol va murojaatlari ham eshitilib ijrosi yuzasidan masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.
