Toqqa, Azim Suyunning qishlogʻiga borgandik. Koʻpchilik edik. Mehmonlarni bir xonadonga olib kirishdi. Dasturxon toʻkin. Buni qarangki, boshqa noz-neʼmatlar qatori bir piyola asal ham bor ekan. Hammaning koʻzi oʻsha piyolada.

— Toza asalga oʻxshaydi, — dedi mehmonlardan biri. — Hididan sezilib turibdi.

— Togʻning asali zoʻr boʻladi-da, — dedi ikkinchisi.— Hozir togʻda ham toza asal qolmagan, — dedi yana biri. Gap aylanib asalning toza-notozaligini aniqlashga kelib taqaldi. Birov «qoshiqning uchiga ilib choʻzib koʻrish kerak, agar bir quloch koʻtarilganda ham asal uzilib qolmay ipdek tushaversa, toza boʻladi», dedi. Yana kimdir choyga solib koʻrishni maslahat berdi. Tagʻin kimdir asalni kaftga surib, ruchka bilan chizishni taklif qildi. Indamay tursak, asal xomtalash boʻladigan. Erkin Vohidov menga qarab qoʻydi-da, soʻradi:

— Asalni sinashning xitoycha usulini eshitgansiz-a?

Hech qanaqa «xitoycha usul»ni bilmasam ham, bir «shumlik» boshlanayotganini sezib, darrov tasdiqladim:

— Eshitganman! Eng qulay usul shu!

— Undan tashqari zamonamiz ruhiga ham mos keladi, — dedi Erkin Vohidov. — Haqiqiy demokratik usul.

Hamma «xitoycha usul»ga qiziqib qoldi.

— Aytsam oʻrganib olasizlar-da, — dedi Erkin Vohidov sirli qilib. Davradagilar yalinishga tushdi.

— Boʻlmasa gap bundoq, — dedi Erkin aka. — Hozir oramizdan bitta odamni «asal sinovchi» qilib saylaymiz. Kim eng koʻp ovoz olsa, «sinovchi» oʻsha boʻladi. «Sinovchi» piyoladagi asalni bir koʻtarishda oxirigacha simiradi. Soatga qarab turamiz. Agar yarim soatdan keyin ogʻiz-burnidan varaq-varaq qon kelib oʻlib qolsa, bundan chiqdi, asal — toza asal boʻladi. Qani, oʻzining nomzodini qoʻyadigan odam qoʻlini koʻtarsin!

Bittayam «nomzod» topilmadi.

— Nachora, — dedi Erkin Vohidov mushkul muammo qarshisida qolgan odamdek chuqur oʻyga tolib. — «Doʻsting uchun asal yut», degan gap bor. Keling, doʻstlar uchun qurbon boʻlsak, boʻpmiz-da!

«Jasorat» koʻrsatib, ikkovlashib piyolani boʻshatdik. Xayriyat, asal «zoʻr emas» ekan, yomon taʼsir qilgani yoʻq.

Oʻtkir HOSHIMOV,

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi.