Bugun IIV Madaniyat saroyida vazirlik markaziy apparati xodimlari ishtirokida “Tarix – vatanparvarlik, milliy gʻurur va iftixor manbai” mavzusida navbatdagi maʼnaviyat va maʼrifat darsi oʻtkazildi.
Unda ishtirok etgan tarixchi Ixtiyor Esonov har bir xalq oʻz oldiga qoʻygan ulkan maqsadlarni amalga oshirishda, avvalo, milliy oʻzligini anglashi, kindik qoni toʻkilgan ona yurtning qadimiy va boy oʻtmishini oʻrganishi hamda ulkan kuch-qudrat manbai boʻlmish milliy gʻoyani rivojlantirmogʻi muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
Shuningdek, notiq millat jonajon tarixi, milliy madaniyati va qadim qadriyatlaridan kuch olib, oʻzini oʻzi yangilashi, ertangi kunga tayyorlashi haqida fikr yuritarkan, milliy gʻururi kuchli xalqni maʼnaviy jihatdan aslo yengib boʻlmasligini urgʻuladi.
Qiziqarli va mazmunli oʻtgan tadbir yakunida osoyishtalik posbonlari tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob qaytarilib, ularning bu boradagi bilimlari yanada mustahkamlandi.
Oʻz muxbirimiz.
