IIV Madaniyat saroyida 21 oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni hamda 24 oktyabr –Oʻzbekiston Prezidenti saylovi kuni munosabati bilan “Qadring baland boʻlsin, ona tilim!” va “Saylov – demokratiya koʻzgusi” mavzularida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi. Uni IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar xizmati boshligʻi, polkovnik Hamza Maxsumov ochib, davlatimiz va jamiyatimiz hayotida oʻzbek tilining hamda mazkur saylovning nechogʻlik muhim ahamiyat kasb etishi haqida toʻxtalib oʻtdi.

Shundan soʻng soʻzga chiqqan Oʻzbekiston jahon tillari universiteti kafedra mudiri, siyosiy fanlar doktori, professor Narzulla Joʻrayev har bir millatning ona tili uning madaniyatining ajralmas qismi ekanligi, shu boisdan oʻzbek tilini yanada rivojlantirish boʻyicha yurtimizda ham koʻplab ijobiy ishlar amalga oshirilayotganligi xususida oʻzining fikr-mulohazalarini bildirib oʻtdi. Shuningdek, bu borada qoʻlga kiritilayotgan yutuqlar bilan birgalikda, ayrim kamchiliklar ham koʻzga tashlanayotganligi, bunday muammolarni bartaraf etish zarurligini taʼkidladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori oʻrinbosari, yuridik fanlar doktori, professor Mirodil Baratov sanoqli kunlardan soʻng yurtimizda boʻlib oʻtadigan muhim siyosiy jarayon – Oʻzbekiston Prezidenti saylovi toʻgʻrisida batafsil toʻxtalib, mamlakatimiz fuqarolari oʻzining siyosiy huquqini amalga oshirishda munosib nomzodga ovoz berish yoʻli orqali mamlakatimizning ertangi taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshishini qayd etdi.      

Tadbirning ikkinchi qismida esa Ichki ishlar vazirligi hamda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolandi. Memorandumni Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Azizbek Ikramov hamda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti direktori Nodira Egamberdiyeva imzolashdi.

Unga koʻra, endilikda amalga oshiriladigan ikki tomonlama saʼy-harakatlar tinchlik-osoyishtaligimiz posbonlarining oilaviy shart-sharoit va imkoniyatlarini yanada yaxshilashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. 

– Insonning maʼnaviy salohiyatini yuksaltirishda maʼrifiy tadbirlarning oʻrni beqiyosdir, – deydi IIV huzuridagi Tergov departamenti kadrlar boʻlinmasi boshligʻi, mayor Otabek Valixonov. – Mazkur tadbir ham ushbu fikrimizning yaqqol tasdigʻi boʻlib, oʻzining taʼsirchanligi bilan shaxsiy tarkibda katta taassurot qoldirdi. 


Mixli SAFAROV,

“Postda” muxbiri. 

Ikrom HASANOV olgan surat.