Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

Hozirgi kunda ichki ishlar organlari xodimlarining ijtimoiy himoyasi adolatli va xolisona, ochiq va korrupsiyadan xoli boʻlishiga, byurok­ratik toʻsiqlarning oldini olishga xizmat qiluvchi onlayn rejimda ishlaydigan «e-ijtimoiy-himoya.iiv.uz» elektron dasturi ishga tushirilganligi shaffoflikni taʼminlovchi eng muhim omillardan biri boʻlib xizmat qilayotganligini alohida taʼkidlash lozim.

Maʼlumki, 2017-yil 29-noyabrdagi «Ichki ishlar organlari kadrlari bilan ishlash va ularning xizmatini tashkil etish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Prezident qaroriga binoan, xodimlarning xizmat oʻtash tartibi, intizomiy holati va pul taʼminoti masalalari, shuningdek, ijtimoiy himoyasi, pensiya taʼminoti va sogʻligʻini himoyalash boʻyicha tibbiy xizmatlardan foydalanish tartibi belgilangan edi. Yurtboshimizning 2019-yil 26-fevraldagi «Ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi hamda 2022-yil 8-fevraldagi «Ichki ishlar organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarorlari esa soha xodimlarini ijtimoiy himoya qilish, ayniqsa, ularni uy-joy bilan taʼminlash borasida mutlaqo yangicha imkoniyat va imtiyozlarni yuzaga keltirdi.

Aytish joizki, shu vaqtga qadar xodimlarning ijtimoiy himoyasi boʻyicha tizimda koʻplab kamchiliklar mavjud edi. Bu, oʻz navbatida, xodimlarning umumiy kayfiyatiga, ichki ishlar organlari jozibadorligiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan edi. Ammo endilikda mazkur yoʻnalishda koʻplab imkoniyatlar yaratildi. Yaʼni, Davlatimiz rahbarining 2021-yil 29-noyabrdagi «Oʻzbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmoniga muvofiq, Ichki ishlar vazirligi Maxsus budjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlarining 10 foizi har yili xizmatda samarali natijalarga erishgan xodimlarni ijtimoiy himoya qilish uchun ajratilishi koʻrsatilib, mablagʻlarni maqsadli yoʻnaltirishni taʼminlash vazifasi Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti zimmasiga yuklatilgan. Unga koʻra, betob xodimlar davolanishi uchun pul taʼminotining 5 baravarigacha, ularning yaqin qarindoshlari, yaʼni, ota-onasi, turmush oʻrtogʻi, farzandlarini operatsiya qildirish, ortopedik oyoq kiyim va protez-ortopedik mahsulotlar bilan taʼminlash xarajatlarini qoplash uchun bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarigacha bir martalik moddiy yordam berish, uy-joyga ega boʻlish yoki

yashash sharoitini yaxshilashga 5 yildan oshmaydigan muddatga bazaviy hisoblash miqdorining 1000 baravaridan oshmaydigan hajmda foizsiz qarz berish, sanatoriy-kurort muassasalarida davolanish va dam olishga pul taʼminotining 2 baravari miqdorigacha moddiy yordam berish, toʻy va dafn marosimlarini oʻtkazish uchun pul taʼminotining 2 baravarigacha boʻlgan miqdorda bir martalik moddiy yordam berish hamda osoyishtalik posbonlariga pul mukofoti va qimmatbaho sovgʻalar berish yoʻlga qoʻyildi.

Endilikda 20 yil va undan koʻp xizmat qilgan xodimlarga sogʻligʻini tiklash uchun moddiy yordam, xizmatdan boʻshatilgandan soʻng esa, 36 oy davomida sobiq xodimning ichki ishlar organlaridagi xizmat vazifalarini bajarganligi bilan bogʻliq sabablarga koʻra hayoti va sogʻligʻiga zarar yetkazilgan taqdirda, bir martalik pul kompensatsiyasi, har yili ichki ishlar organlarida besh yildan ortiq xizmat qilib, samarali natijalarga erishib kelayotgan va uy-joy bilan taʼminlanmagan xodimga ipoteka kreditlari asosida uy-joy sotib olish uchun dastlabki badal pullari toʻlab beriladi. Shuningdek, xodim terrorizm, jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini taʼminlash chogʻida halok boʻlgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib, mehnat qobiliyatini yoʻqotgan boʻlsa, ipoteka kreditining toʻlanmay qolgan qismi va hisoblangan foizlari IIV hisobidan toʻliq qoplanadi.

Bundan tashqari, amaliy xizmat staji 10 yildan ortiq boʻlgan xodimlarga yengil avtomobil sotib olish uchun 3 yil muddatga qarz berish, xodimlarning farzandlariga davlat granti asosida oliy taʼlim muassasalariga umumiy belgilangan qabul koʻrsatkichlari kvotasidan tashqari, oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga (ikkinchi taʼlimdan tashqari) kirish uchun kvota ajratish, xodimning ota-onasi ham tizimdagi davolash-profilaktika muassasalari tibbiy xizmatidan foydalanishi hamda xizmat uylarini 20 va undan koʻp kalendar yili xizmat qilgan, uy-joy bilan taʼminlanmagan yuqori malakali xodimlarga bepul shaxsiy mulk etib berish joriy etildi.

Shu bilan birga, toʻlov-shartnoma asosida oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga oʻqishga mazkur qaror qabul qilingunga qadar kirgan, shuningdek, oʻqish davomida ushbu holatlarda ota-onasini yoʻqotganlarga, agar uning ota-onasini terrorizm va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini taʼminlash chogʻida halok boʻlgan boʻlsa, shartnomaning toʻliq hajmini, nogiron boʻlib qolgan boʻlsa, shartnomaning ellik foizi miqdorida budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan toʻlanadi.

Ushbu harakatlarda halok boʻlgan xodimlarning oila aʼzolari, shuningdek, jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan ichki ishlar organlari xodimlarining vazirlikka qarashli tibbiy muassasalar xizmatidan bepul foydalanish, sanatoriy-kurortlar joylashgan hududlarga shaharlararo havo va temiryoʻl transportida bepul borish va qaytish huquqi taʼminlanadi.

Raqamlar tili bilan aytganda, joriy yil boshidan hozirga qadar IIV tasarrufidagi 15 ta MTTga ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlari uchun 200 ga yaqin yoʻllanmalar ajratildi, ijarada yashab kelayotgan 9 mingga yaqin xodimga ijara pullari toʻlandi, 150 nafarga yaqin xodimga esa, tayyor holda uy-joylar topshirildi. Shuningdek, yashash sharoitini yaxshilash va uy-joyini taʼmirlash uchun 80 nafardan ortiq xodimga foizsiz qarz mablagʻlari ajratildi, sogʻligʻini tiklash uchun 150 nafarga yaqin betob xodimlarga moddiy yordam koʻrsatildi, 300 nafardan ortiq xodimning yaqin qarindoshlariga operatsiya qildirish, ortopedik oyoq kiyim va protez-ortopedik mahsulotlar bilan taʼminlash xarajatlarini qoplash uchun moddiy yordam berildi hamda toʻy va dafn marosimlarini oʻtkazish uchun 670 nafarga yaqin xodimga moddiy yordam ajratildi.

Bundan tashqari, sanatoriy-kurort muassasasida davolanish uchun 700 nafardan ortiq xodimga yoʻllanmalar berildi, xizmatda yuqori natijalarga erishgan 130 nafarga yaqin xodimga pul mukofoti ajratilib, avtokredit olish uchun 60 nafardan ortiq xodimga Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasida 3 yil muddatga qarz berildi. IIV tasarrufidagi bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlariga dam olishlari uchun xodimlarning farzandlariga 653 ta yoʻllanma ajratildi. Shuningdek, xizmat vazifalarini bajarish chogʻida tan jarohati olgan yoki halok boʻlgan xodimlar oila aʼzolarining 50 nafardan ortigʻiga bir martalik nafaqa pullari toʻlab berildi.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, ichki ishlar organlari xodimlariga koʻrsatilayotgan keng koʻlamli ragʻbat va imtiyozlar ularning yurtimiz tinchlik-osoyishtaligi yoʻlidagi saʼy-harakatlarida muhim poydevor boʻlib xizmat qilishi shak-shubhasizdir.

Odiljon YAKUBOV,

podpolkovnik.

Mixli SAFAROV,

«Postda» muxbiri.