Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Xotira – insonning insonligini anglatuvchi, uni oʻtmish bilan bogʻlab turuvchi buyuk qadriyat. U kechagi kun saboqlarini yodga solib, bugungi kunimizni, istiqbolimizni qadrlashga oʻrgatadi. Inson, millat va xalq tarixiy xotirasi bilan barhayot.
Har bir xalqning maʼnaviy qadriyatlari boʻladi. Bugungi yorugʻ kunlarga yetib kelishimizga oʻz hissasini qoʻshgan, Vatan ozodligi, yurt mustaqilligi uchun jonini fido qilgan, chunonchi, Ikkinchi jahon urushida mardlik va jasorat namunalarini koʻrsatgan vatandoshlarimiz xotirasiga hurmat-ehtirom koʻrsatish, ayni chogʻda, oʻzlarining ibratli ishlari bilan el-yurt tinchligi, xalqimiz hayotining farovonligi yoʻlida hormay-tolmay mehnat qilayotgan, yosh avlod tarbiyasiga munosib hissa qoʻshayotgan nuroniy otaxon-onaxonlarni, ustoz-murabbiylarni qadrlash bizning ana shunday qadriyatlardan biri hisoblanadi.
Ajdodlarni xotirlash, ezgu ishlarini yodga olish, qolaversa, keksalik gashtini surayotgan faxriylarimizni ardoqlash, ularga gʻamxoʻrlik koʻrsatish mustaqillik yillarida davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.
Aslida, har qanday urush bashariyat uchun ulkan fojia. Ikkinchi jahon urushi esa insoniyat tarixidagi eng katta, eng mashʼum qirgʻin. Olti yil davom etgan bu urushda oʻsha paytda dunyodagi 73 ta davlatdan 62 tasi, Yer yuzi aholisining 80 foizi ishtirok etgan. Yevropa, Osiyo va Afrika qitʼalaridagi 40 ta davlatni bevosita qamrab olgan qurolli toʻqnashuvlarga 110 million kishi safarbar qilingan, jami 70 million kishi halok boʻlgan.
Ota-bobolarimiz Ikkinchi jahon urushida chinakam mardlik koʻrsatib, fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga ulkan hissa qoʻshdilar. 120 mingdan ziyod oʻzbekistonlik askar va ofitserlar koʻrsatgan jasorati uchun jangovar orden va medallar bilan mukofotlandi.
Urushning ilk kunlaridanoq Oʻzbekiston ichki ishlar organlarining koʻplab mard xodimlari ham oʻz ixtiyori bilan frontga otlandi. 1941-yilning oʻzida Toshkent oʻrta-maxsus militsiya maktabi tinglovchilarining 60 foizi, komandir-oʻqituvchilarining 30 foizi, Samarqand viloyati ichki ishlar organlaridan 1489 nafar, Toshkent temiryoʻl militsiyasi boʻlimining 204 nafar xodimi oʻzbek milliy diviziyasi, shuningdek, general Panfilov diviziyasi safida jangga kirdi. Ular oʻz hayotini xavf-xatarga qoʻyib, Ukraina, Belorussiya, Leningrad, Xarkov, Kursk yoyi, Shimoliy va Gʻarbiy frontlarda fashistlarga qarshi janglarda yuksak qahramonlik va jasorat namunalarini koʻrsatdilar.
Ularning ayrimlari frontdan sogʻ-omon qaytib, ichki ishlar organlarida xizmatni davom ettirdi. Janglarda toblangan irodasi, fidokorona mehnatlari evaziga rahbarlik lavozimlariga koʻtarilib, polkovnik, general unvonlarigacha boʻlgan sharafli yoʻlni bosib oʻtdi.
Taʼkidlash kerakki, 9-may – Xotira va qadrlash kuni bugun chinakam milliy – umumxalq bayramiga aylandi. Shu kuni Ikkinchi jahon urushida halok boʻlganlar yodga olinadi, hayot boʻlganlarining holidan xabar olinib, ularga yuksak ehtirom koʻrsatiladi. Shu bilan birga, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish idoralari, jumladan, ichki ishlar organlari xodimlarining xotirasi oldida hurmat bajo keltiriladi.
Davlatimiz rahbarining qaror va farmonlari asosida har yili Ikkinchi jahon urushida fashizmga qarshi kurashishga hissa qoʻshgan, hamyurtlarimiz, shuningdek, xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasini abadiylashtirish, faxriylarga gʻamxoʻrlik koʻrsatish maqsadida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Urush qatnashchilarining xonadonlariga borilib, ularga pul mukofoti va qimmatbaho sovgʻalar tantanali tarzda topshirilyapti. Frontorti mehnat faxriylari, xizmat vazifasini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar hamda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila aʼzolariga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatilmoqda. Xuddi shuningdek, ular koʻrsatgan matonat, mardlik va jasoratning ahamiyatini keng aholi, ayniqsa, yoshlar orasida targʻib qilish boʻyicha madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Ichki ishlar vazirligi rahbariyati soha faxriylari hamda xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan xodimlarning oila aʼzolarini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratib kelmoqda. Muntazam ravishda ularning holidan xabar olinib, moddiy yordam berilmoqda. Zarur boʻlsa, turmush sharoitini yaxshilash, taʼlim olishi va salomatligini tiklashi boʻyicha amaliy choralar koʻrilmoqda.
...Yillar, zamonlar oʻtadi. Yurt ozodligi, tinch va osuda hayotini himoya qilishda kurashib jon bergan xalqimizning asl farzandlari xotirasi aslo uchmaydi. Qahramon otalaridan oʻrnak va namuna olib, ular bilan faxrlanib yashaydigan xalq esa hech qachon kam boʻlmaydi.
Kamol OLLOYOROV,
oʻz muxbirimiz.
