Toshkent shahar IIBBda navbatdagi Maʼnaviyat va maʼrifat darsi boʻlib oʻtdi. Unda IIBB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati, YHXB apparati masʼul xodimlari, taklif etilgan mehmonlar va shaxsiy tarkib ishtirok etdi.
Oʻzbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashi raisi, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati Otabek Jiyanbayev va «Qatagʻon qurbonlari xotirasi» muzeyi direktori, isteʼfodagi polkovnik Baxtiyor Hasanov «Korrupsiyaga qarshi kurashish – taraqqiyot kafolati» mavzusida hamda mamlakatimizda huquqiy demokratik islohotlar borasida maʼruza qilishdi.
Shundan soʻng oʻz xizmat vazifasiga sidqidildan yondashib, jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning oldini olishda jonbozlik koʻrsatgan bir guruh xodimlar ragʻbatlantirildi.
Dastlab 9 nafar xodimga «Oʻzbekiston Konstitusiyasining 30 yilligi» esdalik nishonlari tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, IIV, Oʻzbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi hamda Toshkent shahar kengashi va Mudofaa vazirligi tomonidan ham bir guruh xodimlar ragʻbatlantirildi.
– Bugun men uchun unutilmas kun boʻldi, – deydi esdalik nishoni bilan taqdirlangan, IIBB YHXB YPX brigadasi 3-safarbar guruhi katta inspektori, katta leytenant Abbosjon Ashurov. – Buning uchun, avvalambor, Prezidentimizdan minnatdorman. Bu eʼtibor va ragʻbat menga yanada kuch va ishtiyoq bagʻishlaydi.
Sarvar SOBIROV,
«Postda» muxbiri.
Ikrom HASANOV olgan suratlar.
