Bugun IIV Madaniyat saroyida Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda Ichki ishlar vazirligi hamkorligida “Oʻzbektelefilʼm” kinostudiyasi tomonidan suratga olingan “Jinoyat jazosiz qolmaydi” filmi 2-faslining taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Tadbir avvalida soʻzga chiqqan IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti boshligʻining oʻrinbosari, polkovnik Hamza Maxsumov ushbu filʼmda mamlakatimiz tinchlik-osoyishtaligini taʼminlash yoʻlida fidoyilarcha xizmat qilayotgan ichki ishlar organlari vakillarining mashaqqatli faoliyati haqqoniy aks etganini taʼkidladi. Mazkur filʼm yurtimiz aholisining huquqiy madaniyatini yuksaltirishi bilan bir qatorda, jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashishga xizmat qilishini qayd etdi..
Shundan soʻng filʼmni yaratishga katta hissa qoʻshgan bir guruh ijodkorlar Ichki ishlar vazirining buyrugʻiga binoan, “Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 30 yilligi” esdalik nishoni hamda esdalik qoʻl soati bilan taqdirlandi. “Yoshlar” telekanali buyurtmasiga binoan tayyorlangan 30 qismdan iborat ushbu kartina Nilufar Jumaeva ssenariysi asosida bosh rejissyor Akmaljon Ibrohimov tomonidan sahnalashtirilgan. Undagi bosh rollarni Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Uchqun Tillaev, aktyorlar Shohrux Ismoilov va Malika Rahimova mahorat bilan ijro etishgan. Filʼm osoyishtaligimiz posbonlari tomonidan maroq bilan tomosha qilinib, barchada katta taassurot qoldirdi.
Mixli SAFAROV,
“Postda” muxbiri.
