Andijon viloyati Iibda oʻtkazilgan navbatdagi maʼnaviyat va maʼrifat darsida “IIV Birlashgan tahririyati kutubxonasi” turkumidan “Jasorat va buyuklik timsoli – ayol” kitobining taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Unda viloyat IIB boshligʻi maslahatchisi, isteʼfodagi podpolkovnik Orifjon Yuldashev soʻzga chiqib, shunday dedi:

– Yaqinda IIV Birlashgan tahririyati tomonidan “Birlashgan tahririyat kutubxonasi” turkumi ostida yangi kitob chop etildi. Mazkur nashr xizmatdagi barcha qiyinchiliklarga qaramay, erkaklardan qolishmagan holda xizmat burchini sharaf bilan ado etib, barqaror jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini taʼminlashga salmoqli hissa qoʻshib kelayotgan xizmat libosidagi xotin-qizlarga bagʻishlangan. Shuningdek, urushdan keyingi ogʻir yillarda huquq-tartibot himoyasida turgan ayollarning fidokorona faoliyati haqida soʻz yuritilgan.

Kitobning asosiy boʻlimida mustaqillik yillarida oliy davlat mukofotlari bilan taqdirlangan xizmat libosidagi xotin-qizlar haqida maqolalar berilgan. Bundan tashqari, Andijon viloyati Iibda uzoq yillar xizmat qilgan isteʼfodagi podpolkovniklar Svetlana Osipova, Maʼmuraxon Jalilova, Gulnora Abduvohidova, Surayyo Mamatqulova va katta serjant Durdona Qodirova kabi fidoyi xodimalari haqida koʻplab maqolalar oʻrin egallagan.

Kitobning navbatdagi boʻlimi munosib xizmatdan soʻng pensiyaga chiqqan va bugungi kunda turli masʼuliyatli lavozimlarda ishlab kelayotgan ayollarga bagʻishlangan.

Kitob oʻquvchida unutilmas taassurot qoldiradi va chuqur oʻyga toldiradi...

IIV Birlashgan tahririyati ijodiy jamoasining saʼy-harakatlari bilan chop etilgan mazkur kitob orqali yosh avlod oʻz buvi va onalarining oʻtmishdagi qahramonona xizmati bilan tanishish baxtiga musharraf boʻldi.

Yigʻilganlarning fikr-mulohazasiga koʻra, samimiy va doʻstona muhitda oʻtgan taqdimot katta muvaffaqiyatga ega boʻldi va bizga zamonamizning qahramon ayollari hayoti bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.

Boris KLEYMAN.