Jahon tamadduniga bemisl hissa qoʻshgan turkiy zamindan koʻplab mohir sarkardalar yetishib chiqqan. Ayniqsa, Jaloliddin Manguberdi, Sohibqiron Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk ajdodlarimiz oʻz zamonasida nafaqat odil hukmdor, ayni chogʻda, yengilmas qoʻshinlarning qoʻmondonlari ham boʻlishgan. Ular qoʻshinning yuksak jangovar holatini taʼminlash boʻyicha juda koʻp ibratli ishlarni amalga 

oshirishgan.

Ayniqsa, ulugʻ bobokalonimiz Amir Temurning jangovar qoʻshini oʻzining strategik va taktik maho­rati bilan oʻsha davrning eng mukammal va kuchli armiyasi hisoblangan. Xususan, qoʻshin tarkibi, boshqaruv shakli, uning jang paytidagi harakatla­nishi hatto dushman sinchilari tomonidan ham eʼtirof etilgan.

Istiqlol yillarida milliy armiya­miz yoshlarning irodasini toblaydigan, ularni oʻz Vatani va xalqiga sadoqat ruhida tarbiyalaydigan chinakam jasorat va matonat maktabiga aylandi. Farzandlarimizning harbiy xizmatga, boshqacha aytganda, el-yurt tinchligi va osoyishtaligi, osmonimiz musaffoligi, sarhadlarimiz daxlsizligini taʼminlashga boʻlgan qiziqish va intilishi kuchaydi, Vatan himoyachisi boʻlish har bir yigitning ezgu maqsadiga aylandi. 

Alohida mamnuniyat ila taʼkidlash lozimki, soʻnggi yillarda mamlakatimizda olib borilgan keng koʻlamli islohotlar natijasida milliy armiyamizning qiyofasi va salohiyati tubdan oʻzgardi.

Xususan, 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasida yurtimiz mudofaa salohiyatini yanada mustahkam­lash va Qurolli Kuchlarimizni rivojlantirish ustuvor yoʻna­lishlardan biri etib belgilandi. Ushbu strategiya asosida Qurolli Kuchlarning tezkor boshqaruvini amalga oshirish, milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarogʻ va harbiy texnikalar bilan taʼminlash hamda harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy tayyorgarligi va jango­varlik ruhini oshirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Maʼlumki, harbiy xizmatchilar, ayniqsa, komandirlar tarkibining professional tayyorgarligini oshirish milliy armiyani yanada rivojlanti­rishning eng muhim sharti hi­soblanadi. Shu jihatdan, Qurolli Kuchlar Bosh shtabi hamda harbiy okruglar boshqaruv apparatlari ofitserlarini, brigada komandirlari va ularning oʻrinbosarlarini oʻqitish boʻyicha Qurolli Kuchlar Akademiyasida yangi tizim yoʻlga qoʻyilib, soha uchun kadrlar tayyorlashda nazariya va amaliyotni imkon qadar yaqinlashtirish choralari koʻrilmoqda.

Milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarogʻ va harbiy texnikalar bilan taʼminlash boʻyicha kompleks dasturlarni tayyorlashda bugungi kunda dunyoning turli min­taqalarida kuzatilayotgan harbiy mojarolar xususiyatlari, qoʻshinlarni yanada rivojlan­tirishning ustuvor yoʻnalishlari hisobga olinmoqda. Bu borada eng zarur qurol-aslaha va anjomlarni sotib olish, ularni yangi jangovar tizimlar bilan birgalikda qoʻllash va takomillashtirib borish masalasi davlatimizning doimiy eʼtiborida. Shuningdek, harbiy qism va poligonlardagi infratuzilma, askar va ofitserlarning xizmat sharoitlari tubdan yaxshilanmoqda. Qolaversa, harbiy xizmatchilarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, aholi, birinchi navbatda, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiy xizmatchilar, ularning oila aʼzolari, Qurolli Kuchlarimiz faxriylarini ijtimoiy va huquqiy jihatdan muhofaza qilishni kuchaytirish borasidagi ishlar izchil davom ettirilyapti. 

Harbiy sohada olib borilayotgan eʼtiborga molik ishlar, keng koʻlamli islohotlar besamar ketmayotgani kishini quvontiradi, albatta. Xususan, Oʻzbekis­ton armiyasi 2023-yilda dunyodagi eng kuchli armiyalar reytingida 145 davlat oʻrtasida 62-oʻrinni egalladi. Mazkur reyting «Global Firepower» xalqaro kompaniyasi tomonidan tuzib chiqildi.

PwrIndx – kuch indeksi boʻyicha tuzilgan ushbu rey­tingning oʻziga xosligi shundaki, u qanchalik past boʻlsa, mamlakat shunchalik kuchli armiyaga ega hi­soblanadi. Hozircha hech bir davlat 0,0000 harbiy kuchning maksimal koʻrsatkichiga erishmagan. Oʻzbekiston 

1,0692 indeksini olgan. Bu Markaziy Osiyo davlatlari orasidagi eng yuqori koʻrsatkichdir. 

Oʻtgan yilning oktabr oyida AQSHning «News & World Report» nashri ham oʻz tadqiqot natijalarini eʼlon qildi. Unga koʻra, mamlakatimiz armiya qudrati boʻyicha 87 davlat oʻrtasida 18 oʻrinni egalladi. Bu reytingda Rossiya, AQSH va Xitoy yetakchilik qilgan. Qoʻshnilarimizdan faqat Qozogʻiston reytingga kiritilgan. Nashrning yozishicha, armiyalarning qudrati global soʻrovda qatnashganlarning fikr-mulohazalari asosida baholangan.

Vakillarimiz, ayniqsa, keyingi yillarda oʻtkazilayotgan koʻplab xalqaro miqyosdagi nufuzli harbiy musobaqalarda faxrli oʻrinlarni egallab kelishayotgani ham quvonarli hol. Jumladan, yurtimiz harbiy­lari Xalqaro armiya oʻyinlari, «Kembriya patruli» va boshqa shu kabi yirik harbiy-sport musobaqalarida salmoqli yutuqlarni qoʻlga kiritishmoqda.

Shu kunlarda yurtimizning barcha hududlarida Oʻzbekis­ton Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 32 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan «Yangi Oʻzbekiston armiyasi – mamlakat qudrati, yuksak gʻurur va sadoqat timsolidir!» shiori ostida «Vatanparvarlik oyligi» koʻtarinki kayfiyatda oʻtkazilmoqda. Oylik doirasida «Vatanparvarlik karvoni» festivallari, davra suhbatlari, uchrashuvlar, turli viktorina va sport musobaqalari tashkil etilmoqda. Harbiy xizmatchilar, soha faxriylari, elimizning taniqli kishilari, yoshlar ishtirokida oʻtayotgan ushbu tadbirlar Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan «Xalq va armiya – bir tan-u bir jondir» degan ezgu tamo­yilning amaldagi yorqin ifodasi oʻlaroq namoyon boʻlayotir.

Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda milliy armiyamiz mamlakatimiz qudrati, yuksak gʻurur va sadoqatimiz timsoliga aylanib ulgurgan. Zotan, Vatanimiz, xalqimizga sadoqatli yigitlar xizmat qilayotgan Qurolli Kuchlarimiz mustaqilligimizning, tinch va oso­yishta, farovon hayotimizning 

ishonchli qalqonidir. 


Kamol OLLOYOROV 

tayyorladi.