Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

Mamlakatimizda Harakatlar strategiyasi asosida jamiyat hayotining siyosiy, iqtisodiy va madaniy jabhalarida tub islohotlar amalga oshirildi. Hozirda Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasini hayotga izchil tatbiq qilyapmiz. Mazkur jarayon Konstitutsiyamizni yangi zamon talablari asosida takomillashtirishni taqozo etmoqda.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligi munosabati bilan yoʻllagan bayram tabrigida bu haqda toʻxtalib, Asosiy qonunimizni takomillashtirish boʻyicha toʻqqizta yoʻnalishda oʻz takliflarini bildirgan edilar. Jumladan, ilgari amal qilib kelingan «davlat – jamiyat – inson» tamoyilini «inson – jamiyat – davlat» deb oʻzgartirishni taklif qildilar.

Shuningdek, «Jamiyat – islohotlar tashabbuskori» degan ezgu gʻoya doirasida Asosiy qonunimizda fuqarolik jamiyati institutlarining oʻrni va maqomini konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlash ham davr talabi ekanligini taʼkidladilar. Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari sifatida maydonga chiqayotgan yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash masalasi, ularning huquq va burchlari konstitutsiyaviy darajada oʻz aksini topishi kerakligini qayd etdilar. Konstitutsiyaviy islohotlar borasida yana bir qator qimmatli fikrlar bildirdilar.

Konstitutsiyani takomillashtirishdek gʻoyat muhim, strategik vazifani hal etishda Oliy Majlis palatalari deputatlari va senatorlar, nuroniylar, xotin-qizlar, yoshlar, huquqshunos va siyosatshunos olimlar, ijodkor ziyolilar, butun xalqimiz oʻzining aniq fikr va qarashlari bilan faol qatnashishiga ishonch bildirib: «Ushbu muhim siyosiy hujjatni 2022-yil Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yillik bayrami nishonlanadigan kunlarda qabul qilish, oʻylaymanki, milliy davlatchilik anʼanalarimizga, xalqimiz manfaatlariga munosib ish boʻladi», dedilar.

Joriy yilning may oyida Oliy Majlis palatalari kengashlarining qoʻshma qarori bilan Konstitutsiyaga oʻzgartirish kiritish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi. Unga Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Saidov raislik qilmoqda. Komissiya «Jamiyat — islohotlar tashabbuskori» gʻoyasi asosida ish olib bordi.

Komissiya tomonidan fuqarolarning takliflari, fikr-mulohazalari oʻrganilib, umumlashtirilib borilyapti. Iyun oyida Konstitutsiyaviy komissiyaning navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha berilgan takliflar atroflicha muhokama qilindi.

Konstitutsiyaviy komissiya raisi Akmal Saidov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar xalqimizning xohish-istagi, ezgu maqsadlari ifodasi, demokratik islohotlarning mantiqiy davomi ekanligini taʼkidladi. Shu sababli bu jarayon xalqimiz tomonidan qizgʻin qoʻllab-quvvatlanayotganini, Konstitutsiyaviy komissiyaga fuqarolardan koʻplab taklif va tavsiyalar kelib tushayotganini qayd etdi.

Yurtboshimiz yaqinda mamlakatimiz Bosh qonuniga oʻzgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda bunga munosabat bildirib: «Vaholanki, demokratik va insonparvar gʻoyalarni oliy qadriyat darajasiga koʻtargan dunyodagi aksariyat davlatlarda oʻlim jazosi bekor qilingan. Chunki yashash huquqi – har bir insonning tabiiy huquqi boʻlib, unga bu huquqni davlat emas, Yaratganning oʻzi ato etgan. Agar sizlar qoʻllab-quvvatlasangiz, Konstitutsiyamizga «Oʻzbekistonda oʻlim jazosi taqiqlanadi», degan yana bir muhim normani kiritishni taklif qilaman.

Shu tariqa, biz bu oʻta jiddiy masalada hech qachon ortga qaytmasligimizni, insonparvarlik gʻoyalariga sodiq ekanimizni butun dunyoga yaqqol namoyon qilamiz», – dedilar.

Davlatimiz rahbari aholi uy-joylarining noqonuniy buzilishi yoki tortib olinishi holatlariga butunlay barham berish maqsadida Asosiy qonunimizda fuqarolarning uy-joyga boʻlgan huquqlarini himoya qilish, uning daxlsizligini kafolatlash, aholining barcha qatlamlari, ayniqsa, muhtoj toifalarni uy-joy bilan taʼminlash boʻyicha davlatning majburiyatlarini mustahkamlashni taklif etdilar.

Shuningdek, inson huquq-erkinliklari va manfaatlarini himoya qilish, erkin va adolatli fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, insonparvar va demokratik huquqiy davlat qurishga oid qator takliflarni ilgari surdilar. Jumladan, fuqarolarning mamlakat boʻylab erkin harakatlanish, turar yoki yashash joyini erkin tanlash, mamlakatdan toʻsiqlarsiz chiqish va qaytish huquqlari kafolatlanishi lozimligini qayd etdilar. Bundan tashqari, shaxsiy hayot daxlsizligi va uning kafolatlari Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi zarurligini taʼkidladilar.

Konstitutsiyaviy komissiya matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, 22-iyun kuni «Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi Konstitutsiya qonun loyihasi parlamentning quyi palatasiga kiritilgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi koʻrib chiqildi. Majlisda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilindi.

Shundan soʻng Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilgan «Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi ham koʻrib chiqildi. Muhokamalardan soʻng ushbu qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilindi hamda Konstitutsiyaviy qonun loyihasida koʻzda tutilgan masalalarga daxldor boʻlganligi sababli «Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasiga birlashtirildi.

Deputatlar «Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasini umumxalq muhokamasiga qoʻyish yuzasidan tegishli qaror qabul qildilar. Mazkur qonun loyihasi umumxalq muhokamasi uchun «Xalq soʻzi», «Narodnoye slovo» gazetalarida hamda «Meningkonstitutsiyam.uz» elektron platformasida eʼlon qilindi.

 

Bobomurod TOSHEV,

«Postda» muxbiri.