Oʻtgan asrning 90-yillarida dunyo­ning koʻplab davlatlarida vaziyat izdan chiqib, uyushgan jinoyatchilik, qoʻporuvchilik va terroristik harakatlar sodir etilishi jahon ahlini sarosimaga soldi. Bu parokandalik sobiq ittifoq hududidagi koʻpgina davlatlarni ham chetlab oʻtmadi. Odamlar noroziligining kuchayishi oqibatida ommaviy tartibsizlik va namoyish­lar koʻpaydi.

Mamlakatimiz aholisi ham mustaqillik ostonasi va istiqlolning ilk yillarida ogʻir sinovli kunlarni boshdan kechirdi. Yovuz kuchlar tomonidan yurtimizda hukm surayotgan tinch­lik-osoyishtalikka raxna solib, barqarorlikni izdan chiqarishga urinishlar boʻlgani hali xalqimizning yodidan chiqqani yoʻq. 

Ular oʻtish davridagi iqtisodiy, ijtimoiy sohalardagi muammolarni roʻkach qilib, bundan oʻz maqsad va manfaatlari yoʻlida foydalanishga urindilar. Ona xalqimiz tinchligi, fuqarolarimiz xotirjamligini taʼminlashdek ezgu maqsad yoʻlida ichki ishlar va boshqa huquq-tartibot organlari xodimlari bir tanu bir jon boʻlib birlashdilar. Olib borilgan saʼy-­harakatlar natijasida qoʻporuvchilik harakatlarining oldi olindi. 

Yaqinda mualliflar – Ichki ishlar vazirining maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatov va IIV Kasaba uyushmalari qoʻmitasi bosh mutaxassisi, isteʼfodagi polkovnik Abdugʻofur Sattorovning «Ortda qolgan tahlikali kunlar» nomli kitobi chop etildi. Kitobni oʻqirkansiz, Namangan, Andijon va boshqa hududlar, jumladan, poytaxtimizda amalga oshirilgan xunrezliklar boʻyicha asosli manbalarga tayanib bayon qilingan fikrlar bilan oʻrtoqlashasiz. 

Kitob mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlash yoʻlida oldingi safda borayotgan ichki ishlar organlari xodimlarini kasbga sadoqat, vatanparvarlik va tarixga hurmat ruhida tarbiyalashda qoʻl keladi, degan umiddamiz.

Abduhamid OLLAYOROV, 

kichik serjant.