Kuni kecha Fargʻona shahridagi savdo doʻkonlaridan birining kamerasiga muhrlanib qolgan, oʻgʻrilikka qoʻl urgan bolakay, sotuvchi va ushbu hududda xizmat vazifasini oʻtayotgan yoʻl-patrul xizmati xodimi ishtirokidagi taʼsirli hamda kishini mulohazaga chorlovchi videolavha ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, muhokamalarga sabab boʻldi.

Mazkur ovozsiz tasvirlarni kuzatganingizda, bir bolakay doʻkon yoniga kelib, tashqarida turgan rastadan ikki dona olmani olgancha, choʻntagiga soladi. Shundan soʻng, uni monitor orqali kuzatib turgan sotuvchi darhol tashqariga chiqib, bolani toʻxtatadi va choʻntagidagi olmalarni olgancha, unga dashnom bera boshlaydi. Shunda, doʻkonga yaqinroq joyda xizmat faoliyatini olib borayotgan YPX xodimi kelib, suhbatga qoʻshiladi. Keyin esa, sotuvchidan yetarlicha olma xarid qilib, bolakayga beradi va yana xizmatini davom ettiradi.

Koʻpchilik bu tasvirlarni koʻrib, yoʻl-patrul xizmati xodimining insoniy fazilatlariga tasannolar aytib, unga minnatdorlik bildirishdi.

Biz ham ana shu videotasvirdagi osoyishtaligimiz posbonini topib, u bilan fikr almashdik.

– Voqea Fargʻona shahrining Sohibqiron Temur koʻchasida, yanvar oyining boshlarida yuz bergan, oʻsha paytda men mazkur joyda xizmatni oʻtayotgan edim, – deydi Fargʻona viloyati IIB JXX YPX 1-mintaqaviy hudud 1-otryad safdor xodimi, safdor Sardor Sattorov. – Avtotransport haydovchilaridan birini toʻxtatib, hujjatlarini tekshirib boʻlganimdan soʻng, eʼtiborimni shu yerdagi doʻkon sotuvchisining bir bolani oʻgʻirlik qilgani uchun tanbeh berayotgani tortdi. Undan nega bu ishni qilganini soʻraganimizda esa, uyida onasi bilan yolgʻiz yashashi, uning betobligi, olma xarid qilishga puli yoʻqligini, shu sababli, soʻramay olishga majbur boʻlganini aytdi. Shundan soʻng, olma va boshqa mevalardan sotib olib, uning qoʻliga tutqazdim. Bor gap shu. Men shunchaki, yaxshilik qildim, xolos. Biz kim boʻlishimizdan qatʼiy nazar insonmiz va bir-birimizga mehr-oqibat koʻrsatmogʻimiz lozim. 

 Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joizki, Sardor Sattorov 2014-yilda ichki ishlar organlaridagi ilk faoliyatini boshlaydi. Bir necha yil qoʻriqlash va patrul-post xizmatlarida astoyidil javlon urib, mana uch yildan buyon, YPX tizimida faoliyatini davom ettirib kelmoqda.

Abduvosit SIDIQOV,

oʻz muxbirimiz.