«Yegandek boʻldim» nomli masjid haqida eshitganmisiz?!

Istanbulning Fotih mintaqasida shu nomdagi masjid bor. Bu turkchada «Sanki yedim» boʻladi. Bu gʻaroyib nom ortida ajib bir hikoya bor. Hikoya zamirida esa ajoyib bir ibrat mujassam.

Naql qilishlaricha, Fotih mintaqasida Xayriddin ismli bir kishi istiqomat qilar edi. U qachon bozorning oldidan oʻtayotib nafsi mevanimi, goʻshtnimi, halvonimi xohlab qolsa, «egandek boʻldim» deb shunga yetadigan pulni bir sandiqqa tashlab qoʻyaverar ekan.

Oylar, yillar oʻtsa-da, u oʻzini lazzatli taomlardan mahrum qilib boraveribdi. Sandiq esa sekin-asta pulga toʻlib boraveribdi. Nihoyat bu pulga mahallasida bir kichkina masjid qurib beribdi. Mahalla ahli bu kishining qissasidan xabardor boʻlgach, masjidni «yegandek boʻldim» deb nomlashibdi. Bu masjid XVIII asrda Usmoniylar davrida bino qilingan. Unda 200 nafar namozxon namoz oʻqiy oladi.

Agar, Istambul tomonlarga yoʻlingiz tushsa va Fotih mintaqasiga borsangiz, eski uylar orasida kichkina masjidni koʻrasiz. Bu masjid Xayriddin afandining ixlosiga, zuhdiga dalolat qiladi. U kishi faqirligiga qaramasdan, oʻzidan abadiy hayoti uchun doimiy ajr borib turadigan goʻzal sadaqayi joriya qoldirdi. Unga dunyo lazzatlari «meni yeng» deb nido qilganida, ularga qarab «yegandek boʻldim» deb javob qildi. Agar bunday javob qilmaganida, bitta masjidni yeb yuborgan boʻlar edi.  

Goʻzal JAFAROVA tayyorladi.