Polkovnik Abdukarim Yulbarisov 1954-yilda Toshkent viloyatining Oʻrta Chirchiq tumanida tugʻilgan.
Harbiy xizmatdan soʻng, Toshkent militsiya maktabini tamomlab, ichki ishlar organlari safida faoliyat koʻrsata boshlaydi. Xizmat jarayonida Toshkent davlat universitetining huquqshunoslik fakultetida sirtdan tahsil oldi. 1977-2003-yillarda yurtimizning bir qator viloyat boshqarmalari va tuman boʻlimlarida masʼuliyatli lavozimlarda sidqidildan xizmat olib borgan.
2003-yilda esa, Qashqadaryo viloyati IIB boshligʻi lavozimida faoliyat koʻrsatayotgan paytida qurollangan jinoyatchini zararsizlantirish va qoʻlga olish chogʻida mardlarcha halok boʻladi. Vafotidan soʻng, A. Yulbarisov mamlakatimiz Prezidentining farmoniga muvofiq, “Jasorat” medali bilan mukofotlandi.
Hozirda u hayot boʻlganida, 70 yoshni qarshilar edi. Endilikda uning yoʻlini farzandi Erkin Yulbarisov va nabirasi Jasurxoʻja Abdukarimovlar davom ettirib,Toshkent viloyati ichki ishlar organlari safida fidoyilik bilan xizmat qilib kelmoqda.
Shu boisdan ham Abdukarim Yulbarisov bugun oramizda boʻlmasa-da, uning yorqin xotiralari barcha yaqinlarining qalbida abadiy yashamoqda.
Mixli SAFAROV,
oʻz muxbirimiz.
