Aynan shu yoshlar tomonidan sodir etilgan yoʻl-transport hodisalariga eʼtibor qaratar ekanmiz, avvalo, oʻzimizning dilbandlarimiz koʻz oldimizga kelib, yuragimiz orqaga tortib ketadi. Axir, kim avtohalokat oqibatida farzandidan ayrilib yoki nogiron boʻlib qolishni istaydi?!
...Jizzax shahrida xizmat vazifasini bajarayotgan YPX inspektori «Nexia» rusumli avtoulovni toʻxtatdi. Buni qarangki, rulda 13 yashar maktab oʻquvchisi. Ota oʻgʻliga transport vositasini boshqarishni topshirib qoʻygan, bolakay esa shahar koʻchalarida bemalol sayr qilib yurgan. Aytishicha, mashina boshqarishni oʻrganganiga ancha boʻlgan, otasi uning rulga oʻtirayotganidan har safar xabari boʻlgan va bunga moneʼlik qilmagan. Aksincha, «bizning oʻgʻilcha mashina hayday oladi», deya tanish-bilishlari oldida gerdayib maqtangan.
Achinarlisi, YPX inspektorining «xavfli vaziyat deganda nimani
tushunasan», degan savoliga javob bera olmagan «haydovchi» bola boshqaruvidagi avtoulov bilan koʻngilsiz hodisa sodir boʻlmaydi, deb hech kim kafolat bera olmaydi.
Hartugul, bu bola bilan biror-bir noxush holat roʻy bermabdi, deya yengil tin olgandirsiz, lekin quyidagi misollarda...
Navoiylik 8–9 sinf oʻquvchilari soʻroqsiz «Matiz» avtomashinasini haydab, viloyat markazidan Nurota tumaniga borishadi. Qaytishda rulda oʻtirgan bola boshqaruvni yoʻqotadi va mashina YTHga uchraydi. Oqibatda
2 nafar oʻquvchi voqea joyida dunyodan koʻz yumadi. Endi ularning ota-onalari, yaqinlari ahvolni tasavvur qilavering. Eʼtiborsizlik azaga aylandi.
Toshkent shahrining Yangihayot tumanida roʻy bergan avtohalokat oqibatida esa ikki kishi jarohat oldi. Bunga sabab tonggi soat 05:00larda Toshkent metallurgiya zavodi qarshisida 2007-yilda tugʻilgan, voyaga yetmagan B.Sh. «Matiz» rusumli avtomashinani boshqarib ketayotib, harakatsiz turgan 26 yoshli J.Sh. boshqaruvidagi «Lada» bilan toʻqnashuv sodir etganidir. Oqibatda «Matiz» va «Lada» haydovchilari turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizildi.
Samarqandda 15 yoshli maktab oʻquvchisi otasining mashinasini boshqarib, yoʻlning qatnov qismidan oʻtayotgan piyodani urib yubordi. Holat boʻyicha jamoatchilik vakillari ishtirokida muhokama yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda ota-ona izza boʻldi, lekin ular oldinroq oʻgʻlining tarbiyasiga jiddiy eʼtibor qaratishganida edi...
Yangi Namangan tumani.
11-sinf oʻquvchisi togʻasining nomida boʻlgan «Lacetti»ni tumanning Yettinchi mingchinor koʻchasida boshqarib ketayotganida tezlikni oshirdi. Natijada yoʻlning qarama-qarshi qismiga oʻtib ketib, yoʻl chetida turgan Namangan muhandislik-qurilish institutining
2 nafar talabasini urib yubordi. Hodisada yigitlardan biri yengil jarohat oldi, ikkinchisi esa tibbiy yordam koʻrsatilganiga qaramay, shifoxonada vafot etdi.
Samarqand shahrida yuz bergan holat ham koʻpchilikning eʼtiborini oʻziga tortdi. Maʼlum boʻlishicha, oʻsha kuni soat taxminan 17:00lar atrofida Samarqand shahri Oʻzbekiston koʻchasida «Cobalt» haydovchisi yoʻlning belgilanmagan qismidan oʻtayotgan 8-sinf oʻquvchisi boʻlgan qizni urib yuborgan. Buni qarangki, rulda ham aynan oʻquvchi boʻlgan.
U onasiga tegishli mashinani oʻrtoqlari bilan birga ruxsatsiz olib chiqib ketgan va ushbu holatni sodir etgan.
Maktablarda yoʻl harakati qoidalari alohida predmet sifatida oʻqitiladi. Bundan tashqari, YPX inspektorlari taʼlim muassasalariga haftaning belgilangan kunlarida borib, oʻquvchi yoshlar bilan suhbatlar oʻtkazishadi. Shuningdek, maktab, tuman, viloyat va respublika bosqichlarida «Yashil chiroq» musobaqalari tashkil etib kelinyapti.
Yuqoridagi salbiy holatlar yuzaga chiqishiga esa, birinchi navbatda, ayrim ota-onalarning masʼuliyatsizligi va eʼtiborsizligi sabab boʻlayotgani ayni haqiqat. Shunday ekan, aziz ota-onalar, bu masalaga jiddiy eʼtibor qarating, oʻn sakkizga kirmagan «haydovchilar» mashina boshqarishiga yoʻl qoʻymang. Zero, har ishning oʻz vaqti-soati bor.
Sarvar SOBIROV,
oʻz muxbirimiz.
