Qoʻshtepa tumanida probatsiya nazoratidagi shaxslar bilan profilaktik-ogohlantiruv tadbiri hamda sayyor sud oʻtkazildi. Bu haqda viloyat IIB Axborot xizmati xabar berdi.
Mazkur tadbirda Fargʻona viloyati IIB boshligʻi oʻrinbosari, polkovnik M.Sattorov, viloyat IIB Probatsiya boshqarmasi boshligʻi, podpolkovnik R.Xoldorov, jinoyat ishlar boʻyicha Qoʻshtepa tumani sudi raisi R.Arapov hamda tuman tashkilotlarining mutasaddi rahbarlari ishtirok etishdi.
Yigʻilishda nazoratdagi shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir etilishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, ishtirokchilarga jazo oʻtash tartib-qoidalar yana bir bor eslatildi. Ushbu tartibga amal qilmaganlar yanada ogʻirroq jazolarga hukm qilinishi eslatib oʻtildi.
Shu kuni sayyor sud majlisi ham boʻlib oʻtdi. Majlisda jazo oʻtash tartib-qoidalariga amal qilib, tuzalish yoʻliga oʻtgan 22 nafar shaxslar muddatidan avval shartli ravishda ozod qilindi.
Aksincha, oʻziga berilgan imkoniyatdan toʻgʻri xulosa chiqarmagan, jazo oʻtashdan boʻyin tovlab yurgan 2 nafar shaxsning ozodlikni cheklash jazosi ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirildi.
Abduvosit SIDIQOV,
oʻz muxbirimiz.
Fargʻona viloyati.
