Buxoro tumanining Koʻchkoʻmar qishlogʻida yashovchi X. Rashid (ism-shariflar oʻzgartirildi) voyaga yetmagan farzandining moddiy taʼminoti uchun oylik daromadining ¼ qismi miqdorida aliment toʻlashi kerak. Biroq 2015 yil 7 sentyabrdan buyon 26 million 250 ming soʻm aliment pullarini qasddan toʻlamay kelayotgandi. Navroʻz bayrami arafasida Majburiy ijro byurosining Buxoro tumani boʻlimi xodimlari otaning maʼsuliyatini yana bir karra tushuntirishdi. Aks holda...
Yaxshi gap, xushmuomalalik har qanday qahri qattiq insonni ham oʻzgartirarkan. MIB xodimlarining tushuntirishlari besamar ketmadi. Qarzdor ota majburiyatini tan olib, farzandiga toʻlanmay kelayotgan aliment pullarini bir yoʻla 2500 AQSh dollari bilan uzdi.
Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi va uning hududiy boʻlimlari tomonidan aliment bilan bogʻliq ijro hujjatlari ijrosini taʼminlash, xususan, aliment toʻlovchi otalarga bu boradagi masʼuliyat va burchlarini tushuntirish boʻyicha zarur targʻibot ishlarining olib borilishi natijasida joriy yilning oʻtgan oylari davomida oʻndan ortiq fuqaro farzandlari voyaga yetgunga qadar hisoblangan aliment pullarini oldindan toʻlashdi.
Ha, farzand taʼminoti uchun moddiy yordam koʻrsatish har bir otaning ham insoniy, ham qonuniy burchi hisoblanadi. Buni anglagan otalar zimmalaridagi masʼuliyatni ado etib, aliment pullarini oʻz vaqtida, hatto oldindan toʻlab berayotganligi eʼtiborga molik.
M. AHADOV,
“Postda” muxbiri.
Buxoro viloyati.
