Termiz xalqaro aeroportida xavfsizlikni taʼminlash alohida batalonida IIV Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash qoʻshinlari qoʻmondoni oʻrinbosari, polkovnik N.Pirmamatov hamda vazirlik harbiy tuzilmalari apparati xodimi, podpolkovnik A.Mirhodiyev rahbarligidagi ishchi guruh harbiy qism shaxsiy tarkibi bilan uchrashdi.
Unda harbiy intizom, huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning oldini olish, harbiy xizmatchilarga yaratilayotgan sharoitlar, shuningdek, ularning oila aʼzolariga berilayotgan imkoniyatlar va qoʻshimcha imtiyozlar haqida alohida toʻxtalib oʻtildi. Afgʻon diyorida yuzaga kelgan vaziyat paytida oʻz xizmat vazifasini toʻla-toʻkis ado etgani uchun ham batalyon harbiy xizmatchilariga minnatdorchilik bildirildi.
– Harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarining ijtimoiy himoyasiga hukumatimiz tomonidan katta eʼtibor qaratilayapti, – dedi IIV Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash qoʻshinlari qoʻmondoni oʻrinbosari, polkovnik N.Pirmamatov. – Harbiy xizmatchilarning oziq-ovqat, kiyim-bosh bilan taʼminlanishi, ularni moliyaviy tomondan qoʻllab-quvvatlash, ragʻbatlantirish, sogʻligini tiklash, dam olishi, uy-joy bilan taʼminlanishi borasida koʻplab ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Harbiy xizmatchilarning farzandlari oliy maʼlumotli boʻlisiga ham keng yoʻl ochib berilayotgani sir emas. Jumladan, 2021-yil 61 nafar harbiy xizmatchimizning 64 nafar farzandi yurtimizdagi nufuzli oliy taʼlim muassasalariga imtiyozli ravishda qabul qilinganining oʻzi soʻzimni tasdiqlaydi.
Uchrashuv davomida harbiy xizmatchilarning taklif va tashabbuslari tinglandi, muammolari eshitilib, murojaatlarini hal etish choralari koʻrildi.
Oʻz muxbirimiz.
