Bilim nazariya, malaka esa amaliyot bilan mustahkamlanishi isbotlangan. Shu bois IIV Akademiyasi kursantlari ham oliygohda soha sirlarini nafaqat ustozlaridan, turli adabiyotlardan, balki ish jarayonida ham oʻrganishlari uchun imkoniyat yaratilgan. Ayni paytda 3-kurs kursantlari yuz kunlik amaliyotga chiqishdi.
Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida IIV Akademiyasidan amaliyot uchun kelgan 39 nafar kursant, ularning ota-onalari va amaliyot rahbarlari, faxriy xodimlar ishtirokida tadbir boʻlib oʻtdi. Unda IIV Akademiyasi kriminalistika kafedrasi oʻqituvchisi, podpolkovnik Toʻlqin Mamatqulov soʻzga chiqib, kursantlar uchun har bir mutaxassislik yoʻnalishi boʻyicha tasdiqlangan alohida dasturda bajariladigan vazifalar belgilab qoʻyilganini taʼkidladi. Shuningdek, amaliyot davrida kursantlarning oʻzini tutishi, topshiriq va vazifalarni oʻz vaqtida bajarib, kundalik daftariga qayd etib borishi qatʼiy nazorat qilib borilgani holda baholanishini uqtirdi.
– Hozirda davlat yoʻl harakati xavfsizligi faoliyati yoʻnalishi boʻyicha tahsil olayapman, – deydi IIV Akademiyasi 3-kurs tinglovchisi Abdurahmon Almurodov. – Amaliyot davrida haqiqiy ish faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻlamiz. Vaholanki, yoʻlda avtomobillar va piyodalarning doimiy harakatini kuzatamiz. Bunda turli vaziyatlar va qoidabuzarliklarga duch kelinadi. Fuqarolar va haydovchilar bilan qanday muloqot qilish lozimligini oʻrganamiz.
Feruza RAHMONQULOVA,
“Postda” muxbiri.
Surxondaryo viloyati.
