Viloyat IIB Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar ot­ryadida xodimlarning maʼnaviyatini yuksaltirish, jangovar va jismoniy tayyorgarligini oshirish yoʻlida barcha imkoniyatlardan foydalanilmoqda. Xususan, otryadda «Ustoz-shogird» anʼanasi yaxshi yoʻlga qoʻyilgani ayni muddao boʻlyapti. 

– «Ustoz koʻrmagan shogird – har maqomga yoʻrgʻalar» degan hikmat bejiz yaralmagan. Chunki ustoz koʻrmagan shogird oʻsha sohaga oid tartib-qoidalarni, alohida yoʻnalishni bilmaydi. Bu esa oʻz xizmat faoliyati jarayonida bir qancha muammolarni keltirib chiqarishi mumkin, – deydi otryad komandiri oʻrinbosari, mayor Alisher Nazarov. – Jamoamizda tajribali murabbiylar anchagina. Ularning orasida guruh komandiri, katta serjant Ilhom Rustamovning oʻrni alohida ajralib turadi. 

Katta serjant Ilhom Rustamov 2007-yildan to hozirgi kunga qadar TVBSOda turli lavozimlarda faoliyat koʻrsatib kelyapti. Ayni paytda kichik serjant Azamat Poʻlatovga murabbiy etib tayinlangan. Azamatjon har doim ustozining nazoratida. 

– Men ham uzoq yillik faoliyatim davomida ustozlarimga alohida mehr qoʻyib, kam boʻlmadim, – deya Ilhom aka yangi ishga kirgan paytini xotirladi. – Yuridik texnikumni tugatib, oʻzim tugʻilib oʻsgan Romitan tumani «Yaxshi Navroʻz» mahalla fuqarolar yigʻinida mahalla posbonlar sardori boʻlib ish boshladim. Oʻshanda mahalla profilaktika inspektori boʻlgan leytenant Akbar Bafoyevdan hujjat ishlarini olib borishni va aholi bilan muomala qilishni puxta oʻrgandim. Ikki yildan soʻng Akbar akaning tavsiyasi bilan ichki ishlar organlari xizmatiga oʻtdim. Mana, shunga ham yigirma uch yil boʻlyapti. 

Xavfli jinoyatchilarni qoʻlga olish­da koʻrsatgan jasorati va mardligi uchun «Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan mukofotlangan katta serjant Ilhom Rustamov xizmat burchi­ga sadoqati, tartib-intizomga qatʼiy rioya qilishi bilan boshqalarga ibrat boʻlmoqda. 


Mirzoqul AHADOV,

oʻz muxbirimiz.

Buxoro viloyati.