Oydin (voqea ishtirokchilarining ismlari oʻzgartirildi) ham hali voyaga yetmasdanoq ho-yu havaslar, xom xayollar qurboniga aylandi. Tengdosh qizlar singari oppoq libos kiyib, yor-yor sadolari ostida kelin boʻlishdek begʻubor orzulari armon boʻldi. Bunga oʻzi aybdor, albatta. Chunki hali voyaga yetmasidan ogʻiroyoq boʻlib qoldi. 

Qiz bola onasi bilan yaqin boʻladi, baribir. Oydin: «Onam, balki, meni tushunar, biron joʻyali maslahat berar deb betini sidirib koʻnglini unga yordi, biroq... Odamlar, mahalla-koʻy, qarindosh-urugʻning gap-soʻzidan qoʻrqib, ona homilador qizini koʻchaga haydadi.  

Chorasiz qolgan Oydin boladan qutulishni oʻylay boshladi. Axir, uni qayerda va qanday dunyoga keltiradi, keyin yosh boshi bilan yolgʻiz oʻzi qanday parvarish qiladi? Ijtimoiy tarmoqlarda chaqalogʻini sotgan onalar haqida oʻqigandi, u ham shu yoʻlni tanladi. Farzand asrab olish niyatida boʻlgan oilalarni surishtirdi. 

Nurmatning oilasi ancha yillardan buyon farzand neʼmatidan bebahra edi. Oilasini saqlab qolish uchun er-xotin bola asrab olishni oʻylab yurishgandi. Oydinning baxtiga Nurmat qarshisidan chiqdi. 

Mijoz oson topilgani, buning ustiga qulluq qilib turgani Oydinga juda yoqib tushdi. Vaziyatdan foydalanib, unga tugʻuruqxonaga joylashtirish, kerakli dori-darmonlar bilan taʼminlash va qolgan barcha xarajatlarni ham koʻtarish talabini qoʻydi. Nurmat Oydinning hamma shartlariga koʻndi, muhimi, ikki jon sogʻ-salomat boʻlsa boʻldi, dedi. 

Vaqti-soati yetib, Oydinning koʻzi yoridi, oppoqqina, shiringina qizaloq­ni dunyoga keltirdi. Bolaga qarasam, mehrim tushib qoladi deb Oydin iloji boricha uning koʻzlariga qaramaslikka, erkalamaslikka harakat qildi. Lekin jonidan bunyod boʻlgan jon, yigʻlasa, qachongacha yuz oʻgirib turadi? 

– Tagi hoʻl boʻlgan, shekilli. 

Chaqaloqni ehtiyot qilib, kiyimlarini almashtirishni oʻrganing, hademay uyingizga javob beramiz, – dedi hamshira qiz. 

Oʻshanda Oydin bolaga qarashga majbur boʻldi-yu, mitti farishta dunyoga keltirganini his qildi. Bolasining jajji qoʻlchalariga sochlari ilashib qolganda tuydi onalik mehrini. Oʻz-oʻzidan koʻzlariga yosh quyilib keldi. Jigarporasini bagʻriga bosib: «Seni dunyolarga almashmayman, qizalogʻim», – deb yum-yum yigʻladi.

Nurmatning oilasida xursandchilik, bugun necha yillik kemtik toʻladi – uning xonadonida ham chaqaloq ingasi yangraydi. Bolajon uchun alohida xona, oʻyinchoqlaru kiyim-kechaklar tayyorlangan. Hamma chaqaloq kelishini kutyapti, ayniqsa, turmush oʻrtogʻi... 

Nurmat chaqaloqni shifoxonadan olib chiqish uchun borganida, Oydin niyatidan qaytganini, bolasini sotmasligini aytadi. Bu soʻzlarni eshitgan Nurmatning koʻz oldi qorongʻi boʻlib ketdi. «Axir, uyda tayyorgarlik avjida-ku», – deb boshini changallab qoldi. Jahl ustida barcha xarajatlarini qaytarishini talab qiladi. 

– Tiyinigacha beraman, faqat bolamni sotmayman! – deydi qatʼiy Oydin.

Erta bahor, nam havo, kunlar hali isib ketmagan. Ijarama-ijara sarson boʻlgan Oydin chaqaloqni shamollatib qoʻyadi. Yiqqan-tergani tugab, qarzga botadi. Odamlar kunda-kunora qarzini qaytarishini talab qilishadi. Afsuski, Oydin hayotning bu sinovlari qarshisida ham taslim boʻladi. Bolani qiynagandan koʻra farzand boqib olish istagidagi boʻlgan biror oʻziga toʻq oilaga sotsa, oʻzigayam, qizigayam yaxshi boʻlishini oʻylab, yana mijoz qidirishga tushadi.

Ana shunday kunlarning birida Gullola ismli ayol bilan tanishib qoladi. Gap orasida uning befarzand ekanini bilib, maqsadini roʻy-rost aytadi. Gullola bolani oʻzi asrab oli­shini aytib, mijoz boʻladi. Farzand oldi-sotdisi 25 000 000 soʻmga kelishiladi. Oydin Xovos tumanining «Tinchlik» mahallasida joylashgan temiryoʻl shifoxonasi oldida Gulloladan 24 200 000 soʻmni olayotgan vaqtda ichki ishlar organi xodimlari tomonidan qoʻlga olinadi. 

U aybiga iqror boʻldi, oʻzini oqlamadi, dod-faryod qilmadi, «Faqat bolamga ziyon yetmasa boʻldi», – deb yalinib-yolvordi. Mazkur holat yuzasidan Oydinning yashash oila­siga xabar berilganida, onasi Rossiyaga ishlashga ketgani aniqlandi. Uning uyali aloqa vositasiga qoʻngʻi­roq qilib, boʻlgan voqeadan xabardor qilinganida, qizini homiladorligini bilgach uyiga kiritmaganini tan oldi. 

Oydin yana oʻzi yolgʻiz qoldi. 

Chaqaloq farzand asrab olish uchun qonuniy tartibda ariza bergan oila bagʻrida. Ushbu vaziyatda Oydinni aslo oqlamoqchi emasmiz. Agar u yengiltaklik qilmaganida hayoti izdan chiqmas edi. Birgina xatosi uni shu koʻylarga soldi. Endi qonun oldida javob beradi. Ammo yillar oʻtib, nuridiydasini sogʻinganida, qizaloq Oydinni tan olarmikan?..  


Sohibjon YULDASHEV,

IIV huzuridagi Tergov departamenti 

Axborot-tahlil boʻlimi boshligʻi, podpolkovnik. 

Adolat FAYZIYEVA,

oʻz muxbirimiz.