Erta tongda dehqon bozoriga kelgan Zokirjon tezda ul-bul xarid qilib, avtoturargohda turgan avtomashinasiga shoshilgancha oʻtirdi. Ammo shu zahoti taʼbi xira tortdi. Boisi, mashina salonida qoldirgan 1000 AQSh dollari va 3 million soʻm puli joyida yoʻq edi.

Zokirjon darhol shahar Ichki ishlar boʻlimiga qoʻngʻiroq qilib, voqeani tushuntirdi. Hodisa jo­yiga yetib kelgan tergov-tezkor guruhi xodimlari tezda ishga kirishdi. Jinoyat qidiruv guruhi xodimlari muqaddam oʻgʻirlik, talonchilik jinoyatini sodir qilgan shaxslar haqidagi maʼlumotlarni oʻrgana boshladi. Shahar IIB Ekspert-kriminalistika guruhi katta eksperti, mayor Hurmatbek Xoʻjayev hodisa joyida qoldirilgan qoʻl-barmoq izlaridan namunalar olib, viloyat IIB EKMga yubordi. Shundan soʻng barchasi oydinlashdi. Avtomashinadan olingan qoʻl-barmoq izlari muqaddam sudlangan xivalik Q.Oʻ.ga tegishli boʻlib chiqdi. 

Gumonlanuvchi avvaliga qilmishini tan olmasdan, turli vajlarni toʻqib, xodimlarni chalgʻitmoqchi boʻldi. Ammo uning jinoyat sodir boʻlgan vaqtda bozor hududidagi avtoturargohda boʻlgani, avtomashinadan olingan qoʻl-barmoq izlari aynan unga tegishli ekani isbotlangach, taqdirga tan berishdan boshqa chora topolmadi...

Xiva shahar IIB Ekspert-kriminalistika guruhi xodimlari jinoyatlarni tezkorlik bilan fosh qilishda bor bilim va mahoratlarini ishga solishmoqda. 

– Joriy yilning oʻtgan davrida 61 marta hodisa joyi koʻzdan kechirilib, qoʻl-barmoq izlari boʻyicha 25 ta ekspert-tadqiqot ishlari amalga oshirildi, – deydi mayor Hurmatbek Xoʻjayev. – Shuningdek, 165 marta tergov harakatlarida, 265 marta tezkor-qidiruv tadbirlarida qatnashdik. Sodir etilgan qonunbuzarliklarga aloqador boʻlgan izlar orqali 2 ta, ekspert-tadqiqot xulosalari natijalariga koʻra 10 ta jinoyat «issiq izida» ochildi. 

Mohir ekspertlar tomonidan amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar natijasida jinoyat va huquqbuzarliklar qisqa fursatlarda fosh etilib, qonun ustuvorligi taʼminlanmoqda.

Xudoybergan JABBOROV,

oʻz muxbirimiz.

Xorazm viloyati.


Suratda: Xiva shahar IIB EKG katta eksperti, mayor Hurmatbek Xoʻjaev hodisa joyini 

koʻzdan kechirmoqda.