Mayor Maftuna Qurbonova qariyb 15 yildan buyon ichki ishlar organlarida faoliyat olib boradi. Ayni paytda Navoiy viloyati IIB JXX HPB xotin-qizlar masalalari boʻlimi muhim topshiriqlar boʻyicha inspektori lavozimida xizmat qilayotgan qahramonimiz oʻz ustida muntazam ishlab, kasb malakasini mukammal egallashga intilmoqda. 

Huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimida xotin-qizlar bilan bogʻliq ish hujjatlarini yuritish, ijrosini taʼminlash, tumanlarda faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar masalalari boʻyicha masʼullarga yoʻl-yoʻriq koʻrsatish uning zimmasiga yuklatilgan. Maftuna Qurbonovaga hududlarda aniqlangan muammoli yoki ajrim bilan bogʻliq murakkab masalalarni yechishda toʻplagan boy tajribasi qoʻl kelmoqda. 

Ustoz-shogird anʼanasiga koʻra, unga biriktirilgan xodimalar faoliyatini oʻrganib, tahlil qilish barobarida tavsiyalar berib boradi. Vaqti-vaqti bilan olis tumanlarda boʻlib, ushbu hududlarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektorlar bilan birga ayollar muammolarini oʻrganadi. Xotin-qizlarning huquqlarini ishonchli himoya qilish, ularni tazyiq va zoʻravonlikdan asrash yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Shuningdek, ayollar bandligini taʼminlash borasida korxona va tashkilotlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. 

– Jamiyatda har bir ayol baxtli yashashini istayman. Farzandi uchun hammadan koʻp qaygʻuradigan, oilada mehr-muhabbat bulogʻi sanaladigan xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash bizning asosiy vazifamiz, – deydi mayor Maftuna Qurbonova.

U jonkuyarligi, fidoyiligi, tashabbuskorligi tufayli hamkasblari orasida obroʻ-eʼtibor qozongan.  

Mahliyo XOLOVA,

oʻz muxbirimiz.

Navoiy viloyati.